Gʻijduvonda “Yuksalish maktabi”ning 11-filiali ochildi
2024-10-28 10:20:00 / Yangiliklar

Kitob – umr yo‘llarini yorituvchi so‘nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh bo‘luvchi sodiq do‘st. Insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo‘q. Shu bois azaldan ma’rifat peshvolari, ahli donish butun insoniyatni kitob o‘qishga, undan ilmu odob sirlarini o‘rganishga chorlab kelishgan. Kitob mutolaasi kishida shunday chin insoniy fazilatlarni shakllantirib, uning hayotda o‘z o‘rnini topishida, jamiyatning chinakam a’zosiga aylanishida, dunyoqarashining kengayishida beqiyos ahamiyatga ega.
Gʻijduvon tumani “Havzak” MFYda “Yuksalish maktabi”ning filiali o‘z faoliyatini boshladi. Bu respublika viloyatlardagi 11-filial hisoblanadi. Shu munosabat bilan kuni kecha tuman hokimi Sherzod Ashurov, “Yuksalish maktabi” asoschisi Muhammadali Eshonqulov, maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullari ishtirokida maktab ochilishiga bag‘ishlangan tadbir tashkillashtirildi.
Ushbu ta’lim muassasasi 11 yillik ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, unda shinam va zamonaviy jihozlangan xonalar, zarur shart-sharoit hamda 200 o‘ringa ega bo‘lgan yotoqxona ishga tushirildi. Bunda ixtisoslashtirilgan hamda davlat ta’lim standartidagi fanlar, kitobxonlik, qo‘shimcha to‘garaklar hamda robototexnika fanidan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, ingliz, koreys, rus va arab tillari to‘garaklari, kitobxonlik, kechki paytlarda sportning shaxmat-shashka bo‘yicha to‘garaklari, zamonaviy kasblarga o‘rgatish ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, ta’lim muassasasida zamonaviy jihozlangan IT, 3D, SMM dasturlash xonalari, sport zali, kitoblar bilan boyitilgan kutubxona ham mavjud. Tahsil oladigan o‘quvchilarga uch mahal issiq ovqat ham beriladi.
— Biz asli Buxoroga begona emasmiz, ota-bobolarimiz ahli ilm o‘tishgan, ular buxorolik bo‘lishgan, – deydi Muhammadali Eshonqulov. — Yuz yil avval bobolarimiz ba’zi sabablarga ko‘ra Jizzaxga ko‘chib ketishgan. Bobomiz ketganida bitta tuyada hech narsasiz ketgan. Bugun 4-avlod vakili sifatida men ancha narsa bilan keldim. Hali bu yerda chuqur tomir qo‘yamiz. Buxoroyi sharif bizning bobolarimiz yurti, shunday ekan, bu yerda mahalliy bolalarni o‘qitib, ilmnit rivojlantirish maqsadidamiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









