Olot: yo‘l ta’mirida "Ravon yo‘l qurilish" MCHJ ning ham hissasi bor
2024-10-11 14:15:00 / Yangiliklar

Olot tumani “Dilkor” mahallasi aholisi ham ana shunday xayrli ish boshida bo‘lishgani uzoq yillik tashvishlarni yengillashtirdi. Aniqrog‘i, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida mahallaning 2 kilometrdan ortiq ichki yo‘llari asfaltlashtirilgani dilkorliklarni mamnun qildi. Jumladan, ko‘cha va qishloq ichki yo‘llarini manzilli ta’mirlash, shag‘allashtirish va asfalt yotqizish ishlari yil bo‘yi barqaror sur’atda olib borilmoqda.
Yuk mashinalari yordamida tashib kelinayotgan shag‘al tumanning “Dilkor”, “Burjoq”, “Jayxunobod” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari ichki yo‘llariga yotqizilib, ayni paytda 3 kilometr atrofidagi yo‘l ta’mirlash ishlari yakunlangan. Bungacha esa “Ma’rifat” mahallasida 1 kilometr, “Bunyodkor” hamda “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari har birida ham 500 metrdan ortiq uzunlikdagi ichki yo‘lga shag‘al yotqizilib, yo‘lovchilarga qulaylik yaratilganidan aholi minnatdor.
Shu kunlarda "Ravon yo‘l qurilish" MCHJ quruvchi korxonasi tomonidan tuman markazidan o‘tuvchi 4R 78 "Olot sh. — Hamza I-II nasos stansiyalariga" avtomobil yo‘lining 01-1,3 kilometr oralig‘ida 10 dan ortiq maxsus texnika va 20 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis tomonidan asfaltlashtirish ishlari amalga oshirilib, ko‘chalar obod qilinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, avvalgi o‘nqir-cho‘nqir, qishda loy, yozda changi osmonga ko‘tarilib, yaroqsiz holdagi bu ko‘chalar endilikda tekis va ravon ko‘rinishga kelib, odamlar kayfiyatini ko‘tarmoqda. Bu sa’y-harakat zamirida esa aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni rozi qilish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash kabi dolzarb jihatlar yotibdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




