Shofirkon: 600 ming so‘mdan boshlangan mehnat va tadbirkorlik yo‘li
2026-10-27 19:30:00 / Yangiliklar

Tabiiyki, Vatanga qaytib, hammasini boshidan boshlash, daromadli ish topish oson emas, jamg‘arilgan mablag‘ ham asta-sekin tugadi. Ammo sinov va qiyinchiliklarga taslim bo‘lishni istamagan juftlik bor imkoniyatdan unumli foydalanib, tadbirkorlikka bel bog‘ladi. Mahalla ma’muriyati va oila a’zolarining yaqin ko‘magi ularga madad bo‘ldi. Shu tariqa, er-xotin o‘z imkoniyatlariga tayangan holda tandir yoqib, shirmoy non va patir pishirishni boshladilar.
Buning uchun dastlab 600 ming so‘m mablag‘ sarflanib un, qolaversa, o‘tin jamg‘arildi. Bir yil burun kichik qadamdan boshlangan bu tashabbus bugun amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. O‘ziga xos novvoyxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Dilnoza Aslonova turmush o‘rtog‘i va farzandlari ko‘magida aholi dasturxoniga issiq va mazali non mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Muhimi, xushxo‘r non mahsulotlariga talab va ehtiyoj bor, mijozlar safi kengaymoqda.
Bugunga kelib Dilnoza va Ixtiyorning oilaviy tadbirkorligi tufayli bir kunda o‘rtacha 80–100 dona patir va 200 donagacha uy noni pishirib, tayyorlab sotilmoqda. Er-xotinning aytishicha, faoliyat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan kunlarda sarf-xarajatidan tashqari, oila kuniga qariyb 800 ming so‘m sof foydaga erishmoqda. Dastlabki kichik mablag‘dan boshlangan mehnatning samarasi ham aynan shunda namoyon bo‘lmoqda.
Dilnoza Aslonova faoliyatidan ruhlanib, faqat oilaviy daromad bilan cheklanib qolmadi. U o‘z tashabbusi orqali hozirda tadbirkorlik faoliyatiga sakkiz nafar xotin-qizni ham jalb etib, ular bilan birga moddiy manfaatga erishmoqda. Ishbay asosda mehnat qilayotgan ishchilar kuniga 200 ming so‘m atrofida daromadni qo‘lga kiritishmoqda.
Dilnoza Aslonova hamda Ixtiyor Boltaevlar oilaviy tadbirkorlikni yuritishlarida ularga “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida bankdan 30 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgani juda qo‘l keldi. Novvoyxona uchun zarur xom ashyo—un, xamir qorish uskunasi va boshqa ashyolar xarid qilinib, emin-erkin ish yuritilmoqda. Asosiysi, bugun bir oila mehnat va izlanuvchanligi tufayli xorijga qatnab ishlash qiyinchiligi, ovoragarchiligidan xalos bo‘ldi. Qolaversa, uy xo‘jaligida mavjud imkoniyatlar, ya’ni, tomorqachilik va chorva mollarini parvarishlashda yetarli tajriba orttirilib, erishilayotgan moddiy manfaatdorlik hisobidan turmush tarzi yaxshilanmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





