Qorovulbozor: “Tinchlik” mahallasida bolalar sport maydonchalari barpo etilmoqda
2026-10-27 19:05:00 / Yangiliklar

Mazkur ko‘p qavatli turar joylarning 51 tasi "Tinchlik" mahallasida joylashgan bo‘lib, mazkur aholi yashash uylarini qishki mavsumga tayyorlash maqsadida turar joylar joriy ta’mirdan chiqarilayotgani barobarida ko‘p qavatli uylarga tutash hududlardagi yerlar tartibga keltirilib, ayni kunda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga e’tibor qaratilmoqda.
Tinchlik mahallasidagi ko‘p qavatli uylar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida o‘tgan oylarda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari bilan birga, Nurobod, Jambul, Bekzod va Bobur ko‘chalarining 4 ming metr qismi asfaltlashtirilgan. Ayni kunda qariyb 6 ming nafar aholisiga ega mahallada aholi uchun dam olish va jismoniy faollik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qurilish, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” tamoyili asosida aynan “Tinchlik” MFY da hudud infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida yangilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Xususan, Nurobod va Jambul ko‘chalarida aholining mazmunli hordiq chiqarishi hamda xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida zamonaviy futbol va bolalar maydonchalari, “besatka” ayvonlar, energiya tejamkor tungi yoritish tarmog‘i hamda piyodalar yo‘laklari barpo etildi.
Mahalla markaziy ko‘chasidan 500 metr masofadagi trotuar—piyodalar o‘tish yo‘lagi barpo qilingan. Bu ishda pudratchi “Chorbakr qurilish ta’mir” MChJ ishchilari jonbozlik ko‘rsatdilar. Ular ko‘magida yo‘lovchi piyodalar qatnovi uchun xavfsiz yo‘lak vazifasini o‘taydigan trotuar mustahkam beton plitkalar bilan qoplandi.
Ayni kunda xuddi shunday, Navoiy ko‘chasidagi 11, 12, 13, 14 va 15-ko‘p qavatli uylar oldida zamonaviy bolalar o‘yingohi hamda workaut maydonchasi barpo qilinmoqda. Mazkur ishlar mahalla yoshlari, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ochiq havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







