G‘ijduvon: 400 nafarga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2026-10-25 11:45:00 / Yangiliklar

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining 22 nafar mutaxassislaridan iborat guruhi tumanda bo‘lib, aholi salomatligini baholash, kasalliklarni aniqlash va zarur tibbiy tavsiyalar berishga doir xizmat ko‘rsatdi.
Tibbiy ko‘rikda o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan 400 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi. Ularning 98 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Ko‘rik natijalariga ko‘ra, 292 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlandi. O‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lgan, yolg‘iz yashovchi I guruh nogironligi bo‘lgan ikki nafar fuqaroning xonadoniga borilib, tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Kasallik aniqlangan bemorlarning 26 nafariga tuman markaziy shifoxonasida, 8 nafariga esa viloyatdagi davolash muassasalarida davolanish tavsiya etildi. Qolgan 258 nafar fuqaroning ambulator sharoitda hududiy oilaviy poliklinikalarda davolanishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, 40 yoshdan oshgan 27 nafar ayolga filial vrach ginekologlari tomonidan tibbiy maslahatlar berilib, ularni sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Ko‘rik davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri jarrohlik amaliyotlari bo‘ldi. Filialning travmatolog va jarrohlaridan iborat operatsion brigadasi tumanning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdilar. Amaliyotlar tuman mutaxassislari ishtirokida “Mahorat darsi” shaklida tashkil etildi. Jumladan, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan ikki nafar bemorda kam invaziv, yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Ko‘rikda ayon bo‘lgan kasalliklarni bosqichma-bosqich davolash maqsadida tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi, markaziy shifoxona va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bilan hamkorlikda tegishli rejalar ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, tadbir doirasida sog‘lom ovqatlanish tamoyillarini targ‘ib etishga qaratilgan “Sog‘lom turmush tarzi dasturxoni” tashkil qilinib, unda parhez taomlar namoyish etildi.
Bunday chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar aholiga malakali tibbiy yordamni yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
