Peshku: Xorkashda 32-sonli oilaviy poliklinika filiali ochildi
2026-10-23 18:25:00 / Yangiliklar

Xususan, Bobohoji, Guliston, Xorkash, Zandani va Do‘stlik mahallalarida tibbiyot muassasalarini barpo etish, mavjud binolarni mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari jadal olib borildi. Bunda tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qulay va zamonaviy ish muhitini yaratish, tibbiyot xonalarini belgilangan me’yorlarga moslashtirish, muassasalarning funksional imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududlarni obodonlashtirish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, yangi barpo etilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan poliklinikalarni zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta’minlashga dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda. Bu esa aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Kuni kecha “Xorkash” mahalla fuqarolar yig‘inida yangi barpo etilgan 32-sonli oilaviy poliklinikaning Xorkash filiali foydalanishga topshirildi. Tadbirda tuman hokimligi, tibbiyot birlashmasi mas’ullari, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari hozir bo‘ldilar.
Mazkur tibbiyot muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining topshirig‘i asosida umumiy qiymati 4 milliard 200 million so‘m mablag‘ hisobidan yangidan barpo etildi. Kundalik qabul sig‘imi 50 qatnovga mo‘ljallangan zamonaviy tibbiyot maskani hududdagi 941 ta oilada istiqomat qiluvchi jami 3 854 nafar aholiga tibbiy-profilaktik xizmat ko‘rsatadi.
Muassasada 117 nafar bir yoshgacha bo‘lgan bola, 18 yoshgacha bo‘lgan 1 283 nafar fuqaro, shuningdek, katta yoshli aholi va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratilgan.
Mazkur tibbiyot maskanida 12 nafar tibbiyot xodimi aholiga namunali xizmat ko‘rsatishga jalb qilingan.
Bu kabi qulaylikar xorkashliklar uchun muhim va ko‘pdan kutilgan yangiliklardan biri bo‘ldi. Muassasaning ramziy alvon lentasi qirqilgach, tadbirda yig‘ilganlar tibbiyot maskanida yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. Muhimi, mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida hududda tibbiy infratuzilma yanada takomillashib, aholi uchun zamonaviy, qulay va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





