Buxoro tumani: “Biochar” — tuproq unumdorligini oshiruvchi istiqbolli texnologiya
2026-10-22 19:10:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani “Ko‘chko‘mar” mahallasidagi “Oybek” fermer xo‘jaligida “biochar” texnologiyasini qishloq xo‘jaligiga keng joriy etishga bag‘ishlangan viloyat amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Soha xodimlari tajriba almashinuviga xizmat qiladigan mazkur tadbirda tumanlar hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroklasterlar vakillari, agronomlar, o‘simliklar karantini va himoyasiga oid mas’ullar, fermerlar ishtirok etdilar.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Amrillo Nazarov, shuningdek, viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari yig‘ilganlarga shu kecha-kunduzdagi agrotexnik tadbirlar, kelgusi yil hosiliga puxta taraddud ko‘rish, ekin yerlari meliorativ holatini yaxshilash, dala atroflaridan unumli foydalanishga doir tushuntirish va tavsiyalarini berdilar.
Seminar qatnashchilari “Biochar” texnologiyasining afzalliklari bilan batafsil tanishtirildi. Ushbu mahsulot yog‘och, o‘simlik qoldiqlari, g‘o‘zapoya, chorva go‘ngi va boshqa organik chiqindilarni kislorodsiz muhitda kuydirish orqali olinadi. Biochar tuproqning organik moddalar bilan boyishini ta’minlaydi, ozuqa elementlari tarkibini oshiradi, namlikni uzoq vaqt ushlab turishga yordam beradi, tuproqdagi mikroorganizmlar faolligi va biologik xilma-xilligini kuchaytiradi. Uning g‘ovak tuzilishi tuproqning havodorligi va fizik holatini yaxshilab, strukturasini mustahkamlaydi.
“Biochar” — yog‘och qoldiqlari, poxol, somon kabi tabiiy chiqindilardan olinadigan, tuproqning nam saqlash va havodorlik xususiyatini yaxshilovchi modda. Tumanda bevosita paxtachilikda band bo‘lgan 270 taga yaqin fermer xo‘jaliklari qatorida Sanoqul Nabiev rahbarligidagi "Oybek" fermer xo‘jaligida ham joriy yilda 40 gektar yerda “oq oltin” yetishtirilib, ayni kunda 200 tonnadan oshirib xirmon barpo qilindi.
Seminarda berilgan ilmiy tavsiyalar va amaliy ko‘rsatmalar fermer xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, yer resurslari samaradorligini oshirish hamda ekologik barqaror dehqonchilikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
