Botir Zaripov “Shukur Toʻxta” fermer xo‘jaligida nasldorlik va mahsuldorlik bilan tanishdi
2026-10-21 18:35:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligida texnika parki va mehnat jamoasini kengaytirib borayotgan fermer xo‘jaligi keyingi yillarda qo‘shimcha tarmoq sifatida chorvachilikni rivojlantirib, ayni kunda “smental”, “angust”, “golshteyn”, “greenford” zotiga mansub qoramollari sonini 450 boshga yetkazgan. Xuddi shunday, mayda shoxli qo‘y-qo‘zi soni 800 boshga yetkazilgan xo‘jalikda 22 bosh ot parvarishlanmoqda.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov G‘ijduvon tumanidagi o‘rganishlari davomida "Shukur Toʻxta" fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, qishloq xo‘jaligidagi faoliyati bilan birga chorvachilikda erishayotgan yutuqlari, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Hozirda xo‘jalik umumiy sig‘imi 2 ming bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan chorva paviloni bilan birga asosan makkajo‘xori, o‘t beda va tariq ekib yetishtirilayotgan 40 gektarli ekin yeriga ham ega. "Shukur Toʻxta" fermer xo‘jaligi chorvachilikda bo‘rdoqichilikka e’tibor qaratgani holda o‘tgan yili 25 tonna go‘shtni aholi iste’molchilariga yetkazib bergan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 30 tonnaga yetkazish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, xo‘jalikda hozirda 70 boshdan oshiq sog‘in sigirdan har kuni sog‘ib olinayotgan 800 litrga yaqin sut mahsuloti aholi dasturxoniga yetkazilmoqda.
Fermer xo‘jaligi o‘tgan yili Rossiya, Boltiqbo‘yi va Germaniya davlatlaridagi naslchilik xo‘jaliklaridan 150 bosh zotdor qoramol olib kelib, parvarishlashni yo‘lga qo‘ygan. Xo‘jalik tomonidan hududdagi qoramolchilikka qiziqadigan xo‘jaliklar, aholi xonadonlariga nasldor buzoq va qo‘ylar bank imtiyozli kredit mablag‘i asosida 3 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davri bilan yetkazib berilmoqda. Bu ish jarayoni fermerlarimizga yangi tajriba, aholiga esa qo‘shimcha ish o‘rni, daromad manbai hamdir. Mazkur chora-tadbir ortidan mahalliy aholi uchun sifatli go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy sharoitda chorvachilik samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
"Shukur Toʻxta" fermer xo‘jaligi ayni kunda AT “Asakabank” viloyat filiali bilan hamkorlikda xorijdan nasldor qoramol sotib olish uchun 320 ming AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘ini rasmiylashtirgan. Bu sarmoya evaziga chet eldagi naslchilik xo‘jaliklaridan zotdor chorva mollari xarid qilinib, qoramollarni veterinariya talablari asosida parvarishlash, ko‘paytirib, aholi xonadonlari va boshqa xo‘jaliklariga imtiyozli tartibda sotish faoliyati yanada rivojlantiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





