Qorako‘l: “G‘amxo‘rlik” markazi—mehr, mehnat va imkoniyat maskani
2026-10-17 19:55:00 / Yangiliklar

Qorako‘l tumanidagi "Muruvvat" nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyi ham “G‘amxo‘rlik” markaziga aylantirilib, bu yerda reablitasiya, ijtimoiy moslashuv va mustaqil hayotga tayyorlash xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Maqsad — insonni ajratish emas, uni jamiyatga qaytarish.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-dekabrdagi “2024-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatimizdagi ijtimoiy soha inshootlari qatorida Qorako‘l tumanidagi sobiq internat uyi ham mukammal ta’mirdan chiqarilib, unda mavjud 244 o‘rinli bino-inshoot talab darajasiga keltirilib, qo‘shimcha 156 o‘rinli bino qurib foydalanishga topshirilgan. Investitsiya dasturi asosida mazkur loyiha uchun qiymati 34 milliard 742 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Muassasaning bo‘sh yer maydonlaridan unumli foydalangan holda ikki yil burun ikki qavatli 4 ta blok, bir qavatli mehmon uyi, reablitasiya, sport zali, faollar zali va oshxona qurib bitkazilgani yana bir imkoniyat bo‘ldi. Markazga kelgan kishi bu yerda shunchaki parvarish va e’tibor emas, balki mehnat va ishonch, yangi ko‘nikmalarni egallash, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish uchun yaratilgan muhit yaratilganiga guvoh bo‘ladi. Tikuvchilik sexi, novvoyxona, sartaroshlik xizmati va tomorqa yeri—issiqxonalarda olib borilayotgan ishlar buning yaqqol ifodasidir.
Masalan, muassasadagi tikuvchilik sexi parvarishlanuvchilar uchun kasb o‘rganish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish maskaniga aylangan. Bu yerda ular tikuv mashinalarida ishlab, matolarga ishlov berishni va turli buyumlar tikib tayyorlashni o‘zlari bajarishmoqda. Har bir tayyor mahsulot ortida ular mehnati mujassam, albatta.
Novvoyxonada esa non va non mahsulotlarini ham muassasada qo‘nim topganlarning o‘zlari pishirib tayyorlashmoqda. Sartaroshlik xizmati esa ularga yana bir yo‘nalishda amaliy ko‘nikmalarni egallash imkonini bermoqda. Muhimi, bunday mashg‘ulotlar parvarishlanuvchilarning kundalik hayotda faol bo‘lishi, mustaqil kasb-hunar ko‘nikmalarini rivojlantirishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
Hududdagi issiqxonalarda ham hayot qaynaydi. Bir issiqxonada parvarishlanayotgan limon ko‘chatlari allaqachon hosilga kirib, pishib yetilayotgan bo‘lsa, boshqa issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, kartoshka va ko‘katlar yetishtirish kanda bo‘lmaydi. Albatta, bunda ham shu maskan sohiblarining astoydil mehnati, ekishdan oldin yerni obdon tayyorlash, ko‘chat va urug‘ni saralab ekib o‘tqazish, parvarishlash ishlarida ham faolliklari va halol peshona teri mujassam.
Tuproqqa qadalgan har bir ko‘chat, parvarishlanayotgan nihol va erishilayotgan hosil ularning mehnatga bo‘lgan xayrixohligi va qiziqishini yanada oshirmoqda. Zero, o‘z qo‘li bilan ekkan ko‘chatining o‘sib, hosil berishini ko‘rish kishiga o‘zgacha quvonch, zavq bag‘ishlaydi. Inson qadr-qimmati uning imkoniyatlari bilan cheklanmaydi. Unga ishonch bildirish, mehnat qilishi uchun sharoit yaratish va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish — chinakam g‘amxo‘rlik namunasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
