24/7 tamoyili: Buxoro tumanining «Navro‘z» mahallasida yangi hayot nafasi
2026-10-15 18:55:00 / Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda mahallada ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va aholiga qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir muddat Gʻala Osiyo kasb-hunar maktabi binosida faoliyat yuritgan mahalla ma’muriy binosi qaytadan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari ta’mirlanib, zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Bu kabi bunyodkorlik ishlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va mahallada yanada qulay muhit shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda mahalliy byudjetning orttirilgan qismi hisobidan ajratilgan mablag‘lar evaziga mahallaning F. Xo‘jayev ko‘chasida 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan zamonaviy maskan barpo etilmoqda. Loyiha doirasida ko‘chani obodonlashtirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, aholi va mehmonlar uchun mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Obodonlashtirish ishlari natijasida ko‘cha bo‘yida 20 taga yaqin savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa mahallada tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish hamda aholi bandligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Hozirda F. Xo‘jayev ko‘chasida piyodalar yo‘laklarini barpo etish, zamonaviy yoritish chiroqlarini o‘rnatish, hududni ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxt ko‘chatlari va gullar ekish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ishlar ko‘chaning arxitekturaviy qiyofasini yaxshilash, piyodalar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish, shuningdek, hududning estetik jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
E’tiborlisi, ko‘chani 24/7 tamoyili asosida faoliyat yuritadigan maskanga aylantirish orqali mahalladagi kundalik hayotni yanada jonlantirish, aholi va tashrif buyuruvchilar uchun kunning turli vaqtlarida xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsad qilingan. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining faoliyati, obod va yorug‘ piyodalar yo‘laklari hamda ko‘kalamzor hududlar ko‘chaning o‘ziga xos qiyofasini shakllantirib, uni aholi uchun qulay maskanga aylantirishga xizmat qiladi.
Umuman, F. Xo‘jayev ko‘chasini obodonlashtirish va infratuzilmasini takomillashtirish nafaqat hududning tashqi ko‘rinishini yangilash, balki mahallada tadbirkorlik muhitini yaxshilash, yangi xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish va aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Jadal sur’atlarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yakunida «Navro‘z» mahallasida zamonaviy qiyofaga ega, aholi va mehmonlar uchun qulay hamda jozibador yangi maskan shakllanishi kutilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
