Buxoroda birodar shaharlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2026-10-15 18:30:00 / Yangiliklar

Davra suhbatida Buxoro viloyatining xorijiy shaharlar bilan yo‘lga qo‘ygan birodarlik aloqalari, ushbu hamkorlikning bugungi holati va erishilgan natijalar tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Buxoro shahri dunyoning 22 ta shahri, Gʻijduvon tumani esa bitta xorijiy shahar bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Natijada viloyat miqyosida jami 23 ta xorijiy shahar bilan birodarlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu aloqalar hududlar o‘rtasida tajriba almashish, madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirish, turizm sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda yangi iqtisodiy hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro hamkorlikning amaliy natijalari sifatida Fransiyaning Ryuey-Malmezon shahrida buyuk alloma Abu Ali ibn Sino haykalining o‘rnatilishi va O‘zbekiston bog‘ining tashkil etilishi alohida qayd etildi. Shuningdek, buxorolik hunarmandlarning AQSHning Santa-Fe shahrida har yili o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda ishtirok etishi mahalliy amaliy san’at va hunarmandchilik namunalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarimizni keng namoyish etish hamda xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Izmir va Malatiya shaharlari bilan hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotgani hududlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Bunday hamkorlik aloqalari orqali turizm, madaniyat, hunarmandchilik va boshqa sohalarda yangi tashabbuslarni ilgari surish, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Uchrashuv davomida mavjud birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlash, hamkor shaharlar geografiyasini kengaytirish va istiqbolli yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, xorijiy shaharlar bilan hamkorlikni faqat madaniy tadbirlar va rasmiy uchrashuvlar doirasida emas, balki aniq amaliy natijalarga yo‘naltirilgan tashabbuslar asosida rivojlantirish muhimligi aytib o‘tildi.
Ayniqsa, turizm, madaniyat, hunarmandchilik va bank-moliya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bunda o‘zaro tajriba almashish, turistik salohiyatni hamkorlikda targ‘ib qilish, madaniy tadbirlar va ko‘rgazmalar tashkil etish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarda kengroq namoyish etish, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar va hunarmandlar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratish muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish, mavjud kelishuvlarning ijrosini ta’minlash, o‘zaro tashriflar va tajriba almashish tadbirlarini faollashtirish hamda hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish zarurligi, bu esa hududning iqtisodiy, turistik va madaniy salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga xizmat qilishqayd etildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va tashabbuslarni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish, xorijiy shaharlar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, xalq diplomatiyasini izchil rivojlantirish, birodar shaharlar bilan o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlash Buxoro viloyatining xalqaro aloqalarini yanada jadallashtirish, hududning boy tarixiy-madaniy merosi va turistik salohiyatini dunyoga keng tanitish hamda uning xalqaro nufuzini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
