«Yashil makon» umummilliy loyihasida yangi tizim joriy etiladi
2026-10-12 19:40:00 / Yangiliklar

Farmonga muvofiq, mahallalarda yashillik darajasini oshirish maqsadida «3–30–300» xalqaro standarti joriy etiladi. Unga ko‘ra, har bir inson uchun kamida 3 ta daraxt mavjud bo‘lishi, daraxtlar soyasi hududning 30 foizini qamrab olishi hamda 300 metr masofada yashil hudud bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2030 yilga qadar yashil bog‘lar va yashil jamoat parklari sonini 1 023 taga yetkazish belgilangan. 2026-yilning kuz mavsumida esa «Yashil makon» loyihasi doirasida 257 ta yashil bog‘ va jamoat parkini barpo etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2030 yilga qadar har bir tuman va shaharda kamida 5 tadan, umumiy uzunligi 10 ming metrdan kam bo‘lmagan soyali sayr ko‘chalari tashkil etiladi.
Ko‘chat ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘riladi
Joriy yil 1-oktabrdan respublika bo‘ylab tozalik va ozodalik bo‘yicha ikki oylik e’lon qilingan. Uning dastlabki bosqichida yashil hududlar uchun mos maydonlar aniqlanadi, yerlar tayyorlanadi, ko‘chat va butalar zaxirasi shakllantiriladi.
Buxoro viloyatida esa ko‘chat va butalar ekish mavsumi 5 noyabrdan boshlanishi belgilangan. Bu jarayonda hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlarini tanlash, ko‘chatlarning yaxshi tutib ketishi va keyingi parvarishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
«Yashil mahalla» loyihasi yangi bosqichga ko‘tariladi
Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan «Yashil mahalla» loyihasi doirasida «Mahallani yashillashtirish» paketi joriy etiladi. Uning doirasida mahallalarga o‘rmonchi-murabbiylar biriktiriladi, «Mahalla yettiligi» a’zolari esa har bir ekish mavsumi oldidan maxsus o‘qitiladi.
Mazkur tizim orqali aholiga daraxt ekish, sug‘orish, mulchalash, kompost tayyorlash, ko‘chatlarni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berib boriladi.
Shu bilan birga, botanika va dendrologiya bog‘lari, o‘rmon xo‘jaliklari, yirik yashil hududlar hamda obodonlashtirish boshqarmalari hududlarida kompostlash va mulchalash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun sanitariya va gidrogeologik sharoiti mos joylarda uzunligi 12 metr, eni 4 metr va chuqurligi kamida 1 metr bo‘lgan maxsus xandaqlardan foydalanish nazarda tutilgan.
«Yashil lot» orqali aholi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
Aholining yashil bog‘lar barpo etishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2027 yil 1 yanvardan «Yashil lot» tizimi joriy qilinadi. Ushbu tizim orqali mavjud yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslarga yashil bog‘lar tashkil etish uchun ajratiladi.
Bunda yer uchastkalari mulk sifatida berilmaydi. Ajratilgan hududlarda qurilish ishlarini amalga oshirish va belgilangan maqsaddan tashqari faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Yashil AI» — ko‘kalamzorlashtirishda zamonaviy yondashuv
Farmonda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, tajriba tariqasida «Yashil AI» sun’iy intellekt assistenti ishga tushiriladi.
Ushbu tizim yerning bonitet bali, tuproq turi, suv ta’minoti, iqlim sharoiti, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va dala kuzatuvlari asosida ko‘kalamzorlashtirish hamda o‘rmonlashtirish uchun maqbul maydonlarni aniqlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har bir hududga mos daraxt va buta turlari, ko‘chatlar soni, ekish sxemasi va muddati, sug‘orish hamda parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. Suv tanqisligi, ko‘chatlarning qurishi, kasalliklar va boshqa xavflar xaritada aks ettirilib, mas’ullarga ogohlantirishlar yuboriladi. Ma’lumotlarni yagona xaritada yangilab borish, tezkor monitoring o‘tkazish, prognozlar tayyorlash va jamoatchilikka natijalarni ochiq taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Buxoroda galofit o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha tajriba uchastkasi tashkil etilmoqda.
Farmonda belgilangan vazifalar doirasida joriy yil 31-dekabrga qadar mahallalarga kirish joylarida yashil hududlarni barpo etishning afzalliklari va hududlarning ekologik ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot beruvchi banner hamda elektron tablolar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida galofit o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tajriba uchastkasini tashkil etish ishlari boshlangan. Mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlar sho‘rlanishga chidamli o‘simliklarni yetishtirish imkoniyatlarini o‘rganish va hududning tabiiy sharoitiga mos ko‘kalamzorlashtirish yechimlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar yashil hududlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





