Buxoroda Ozarbayjon madaniyati kunlari: qardosh xalqlar do‘stligi va san’at bayrami
2026-10-12 19:00:00 / Yangiliklar

Qardosh xalqlarning boy madaniy merosi, milliy san’ati va musiqiy an’analarini namoyon etgan mazkur tadbir O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik va madaniy hamkorlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Rashad Mammadov, ikki mamlakat vakillari, san’at namoyandalari, ijodkorlar, yoshlar hamda madaniyat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, mehmonlarni qadimiy va hamisha navqiron Buxoro zaminida qutlashdan mamnunligini bildirdi. U o‘z tabrik so‘zida o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, yaqin til, boy ma’naviy meros, urf-odatlar va ezgu qadriyatlar birlashtirib turishini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar ana shu mustahkam ma’naviy poydevor asosida izchil rivojlanib, strategik hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va qat’iy siyosiy iroda ikki mamlakat hamkorligini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimi Buxoroda o‘tkazilayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlarini xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlash, bir-birining milliy madaniyati va san’atini chuqurroq anglash, shuningdek, ijodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladigan muhim madaniy voqea sifatida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Rashad Mammadov ham so‘zga chiqdi. Elchi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va do‘stona munosabatlarning ahamiyatiga to‘xtalib, madaniyat va san’at sohasidagi bunday uchrashuvlar xalqlarni yanada yaqinlashtirishini ta’kidladi. Shuningdek, Ozarbayjon madaniyati kunlarining qadimiy Buxoroda tashkil etilgani ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, milliy san’at an’analarini keng targ‘ib etish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Darhaqiqat, Buxoro azaldan turli xalqlar madaniyati va sivilizatsiyalari o‘zaro uyg‘unlashgan, do‘stlik va bag‘rikenglik qadriyatlari yuksak qadrlangan maskan sifatida mashhur. Shu ma’noda, Ozarbayjon madaniyati kunlarining ushbu qadimiy shaharda o‘tkazilishi alohida ramziy ma’noga ega. Zero, xalqlarni birlashtiruvchi eng mustahkam ko‘prik — bu ularning mushtarak tarixi, ma’naviy qadriyatlari va san’atga bo‘lgan mehridir.
Tadbirning badiiy qismida o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining dilbar qo‘shiqlari yangrab, milliy musiqa an’analari namoyon etildi. Ozarbayjonning o‘ziga xos musiqiy merosi, jumladan, mug‘om san’ati va jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari, o‘zbek san’atining nafis ohanglari bilan uyg‘unlikda ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Sahnada yangragan kuy-qo‘shiqlar ikki xalqning ma’naviy yaqinligi, san’atga bo‘lgan yuksak ehtiromi va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Konsert dasturi nafaqat san’at bayrami, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydigan, o‘zaro hurmat va ishonchni yuksaltiradigan muhim madaniy muloqot maydoniga aylandi. Bunday tadbirlar orqali yosh avlod ikki qardosh xalqning tarixi, milliy an’analari va madaniy boyliklari bilan yaqindan tanishish, ularga nisbatan hurmat va qiziqishni yanada oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida tashkil etilgan mazkur konsert O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Qardosh xalqlarning musiqasi, san’ati va ma’naviy qadriyatlari bir sahnada jamlangan ushbu oqshom Buxoro ahli va mehmonlariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









