Olot: “Umid Brand” — mahalliy ishlab chiqarish va tadbirkorlik namunasi
2026-10-12 10:15:00 / Yangiliklar

“Oq Oltin” mahallasida faoliyat yuritayotgan “Umid Brand” MCHJ ana shunday mahalliy ishlab chiqarish subyektlaridan biridir. Mazkur korxona qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ichki bozor talabini qondirish, xaridorlarga zarur mahsulotlarni yetkazib berish va mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish yo‘lida faoliyat olib bormoqda.
Korxonaga mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor Yoshuzoq Salomov tomonidan asos solingan. Uning tadbirkorlik faoliyati orttirilgan tajriba, izlanish va tashabbuskorlikning amaliy natijasi hisoblanadi. Yoshuzoq Salomov avval Rossiya Federatsiyasida ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, ushbu sohada muayyan tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan. Yillar davomida to‘plagan bilim va tajribasi unga ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish, bozor talabini o‘rganish hamda xaridorlar ehtiyojiga mos mahsulotlar tayyorlash borasida muhim asos bo‘lib xizmat qilgan.
Nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham faoliyatini davom ettirish, yangi tashabbuslarni amalga oshirish va yurtimiz iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida u o‘z tajribasini mahalliy sharoitda qo‘llashga qaror qilgan. Shu tariqa “Umid Brand” korxonasida ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda qurilish materiallari tayyorlash yo‘nalishida izchil ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda korxonada xaridorlar talabi va kelib tushayotgan buyurtmalardan kelib chiqib, rotband suvoq aralashmasi, kafel kleyi hamda termo panellar ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotlar qurilish va ta’mirlash ishlarida keng qo‘llanilishi bilan ahamiyatlidir. Ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy xomashyo Qashqadaryo viloyatidan keltiriladi. Bu esa zarur xomashyo ta’minotini yo‘lga qo‘yish va ishlab chiqarish jarayonini muntazam tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
Korxonaning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari ham e’tiborga molik. Xususan, kuniga kamida 50 qopdan suvoq aralashmasi va kafel kleyi tayyorlash, shuningdek, 150 donagacha termo panel ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bunday quvvat mahalliy bozorda qurilish materiallariga bo‘lgan talabni qondirish, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish va ishlab chiqarish hajmini xaridorlar ehtiyojiga mos ravishda tashkil etishga xizmat qiladi.
Korxonada oyiga qariyb 2 ming qop tayyor mahsulot bozorga yo‘naltiriladi. Termo panellar esa asosan buyurtmalar asosida ishlab chiqariladi. Bunda xaridorlarning istaklari, binolarning o‘ziga xos xususiyatlari va talab etilayotgan mahsulot turlari inobatga olinadi. Buyurtma asosida ishlab chiqarish yondashuvi mahsulotlarni ehtiyojga mos tayyorlash va mijozlar bilan hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.
Ayniqsa, korxonada ishlab chiqarilayotgan termo panellar o‘zining amaliy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular binolarning tashqi ko‘rinishini zamonaviylashtirish, fasadlarni yanada chiroyli va tartibli ko‘rinishga keltirish bilan birga, issiqlikni saqlashga ham ko‘maklashadi. Ayrim turdagi panellar yuzasini suv bilan yuvib tozalash mumkinligi esa ulardan foydalanishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Bunday mahsulotlar qurilish va ta’mirlash jarayonida qulay hamda amaliy yechimlardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.



