Peshku: tabiiy issiqxona sharoitida kechki sabzavot ko‘chatlari yetishtirilmoqda
2026-10-08 15:20:00 / Yangiliklar

Xususan, bu yerda apelsin, mandarin, kumquvvat va pamela navli sitrus mevalar yetishtirilmoqda. Shuningdek, tabiiy issiqlik yordamida issiqxona sharoitida pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ko‘chatlari yetishtirilib, Eron va boshqa xorijdan keltirilgan yangi navlar parvarishiga e’tibor qartilgan. Aholi dasturxoni to‘kinligi uchun bir necha yil pomidor, kartoshka, bodring, bulg‘or qalampiri, ismaloq va boshqa ko‘katlar yetishtirgan qahramonimiz issiqxona sharoitida qo‘shimcha ravishda limon, apelsin, mandarin ko‘chatlarini ekib parvarishlab, mo‘l hosil olishga erishmoqda.
Har yili qishki mavsum oldidan “Peshku limonchilik ravnaqi” MChJda issiqxona ichida dugali sim tortib, plyonka ostida sabzavot va sitrus meva ko‘chatlarini yetishtirish tajribasi ham puxta o‘zlashtirilgan. Shu bois, tomorqa mehnatiga befarq bo‘lmagan ko‘plar bu xo‘jalik va uning mirishkorlari bilan ustoz-shogirdlik an’anasini yo‘lga qo‘ygan. “Holva degan bilan og‘iz chuchimas” deganlaridek, Nusrat Saidov keyingi yillarda o‘zimiz yaxshi biladigan o‘rikning noyob 3 xil turini chet ellardan keltirib, mahalliy iqlimga moslashtirib, shundan pishiqchilik mavsumida mo‘l hosil yetishtirishning ham uddasidan chiqmoqda.
—To‘g‘ri agrotexnik parvarish, yerga to‘g‘ri munosabat—barakali hosil kafolati,—deydi xo‘jalik rahbari Nusrat Saidov.—Yoz oylarida ko‘chat yetishtiriladigan yerning har sotixiga 300-400 kilogramdan mahalliy, zarur holda fosforli va kaliyli o‘g‘it kiritib, yerni haydab, sug‘orib, urug‘ni saralab ekkanmiz. Hozirda parnik sharoitida har sotix yerda kechki pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri ko‘chatlarimizdan 400 tupgacha undirib, tayyorlayapmiz. Bu ko‘chatlarni o‘z yerimizga ko‘chirib o‘tqazib, hosil yetishtirish barobarida aholi tomorqachilarga sotib, mehnatimizga yarasha moddiy manfaatdorlikka erishamiz. Muhimi, qishki mavsumda issiqxonada tabiiy sharoitda sifatli va sog‘lom ko‘chat yetishtirish, ekin yeridan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish yuzasidan tomorqachi hamkorlarimiz bilan bahamjihat ishlab, ko‘zlangan natijaga yetishmoqdamiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



