Buxoro tumani: “Turkon”da tokzor qator oralarida qulupnay yetishtirilmoqda
2026-10-05 14:05:00 / Yangiliklar

U uzoq yillardan buyon bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanib keladi. Ayni paytda xo‘jaligida 1 gektar maydonda uzumning “Avatar” va “Husayni” navlari parvarishlanmoqda. Tokzor qatorlarida uzum hosilini yetishtirish bilan bir qatorda, mavjud yer maydonidan unumli foydalanish maqsadida qator oralarida qulupnay yetishtirish tajribasi ham boshlangan.
Bu usul nafaqat yer maydonidan samarali foydalanish, balki xo‘jalikda qo‘shimcha daromad manbaini yaratish imkonini bermoqda.
Shahobiddin Zaripov qulupnay yetishtirishni dastlab tajriba tariqasida boshlagan. Buning uchun Namangan viloyatining Chust tumanidan qulupnayning “Alba” va “Malga” navlariga mansub ko‘chatlar keltirildi.
Sentabr oyining o‘rtalarida 10 sotix maydonga qariyb 10 ming tup ko‘chat ekilib, ularni parvarishlash ishlari boshlab yuborildi. Hozirda ko‘chatlarning mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashuvi, ildiz otishi va rivojlanishi muntazam kuzatib borilmoqda.
Qulupnay yetishtirishda agrotexnik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘chatlarni sug‘orish, oziqlantirish, begona o‘tlardan tozalash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda o‘simliklarning rivojlanishini nazorat qilish ishlari belgilangan tartibda olib borilmoqda.
Ayniqsa, Buxoro viloyatida kuz-qish mavsumida havo haroratining pasayishi hisobga olinib, qulupnay ko‘chatlarini sovuqdan asrash choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda maydon usti maxsus plyonka bilan yopilib, ko‘chatlarning sovuqdan zararlanmasligi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.
— Qulupnay yetishtirishni avvalo tajriba sifatida boshladik. Chustlik mirishkorlar bilan hamkorlikda yerimizga 10 ming tupga yaqin ko‘chat o‘tkazib, ularni parvarishlayapmiz. Hozircha asosiy maqsadimiz ko‘chatlarni mahalliy sharoitga moslashtirib, sifatli hosil olish uchun barcha agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etishdan iborat. Kelgusida tabiiy, toza va sifatli qulupnay mevasidan 5 tonna atrofida hosil olishni rejalashtirganmiz. Yetishtirilgan mahsulotni aholi dasturxoniga yetkazib, oilamiz uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish niyatidamiz, — deydi Shahobiddin Zaripov.
Uning aytishicha, qulupnay yetishtirish tajribasining dastlabki natijalari ijobiy bo‘lsa, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi maydonlarni kengaytirish va ko‘chatlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Bu esa xo‘jalikda birgina mahsulotga bog‘lanib qolmasdan, turli mavsumlarda turli xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali daromadni oshirish imkonini beradi.
Shahobiddin Zaripov xo‘jaligida qulupnay bilan bir qatorda uzumchilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
1 gektar maydondagi tokzorda “Avatar” va “Husayni” navlari parvarishlanmoqda. Yangi navlarga xos agrotexnik tadbirlarni qo‘llash, toklarni o‘z vaqtida butash, oziqlantirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
— Bundan tashqari, vodiy bog‘bonlarining ish tajribasidan foydalanib, yangi navlarga xos uzum yetishtirishga ham jazm etdik. Hozirda tokzorimizni muntazam parvarishlayapmiz. Hosil ko‘rsatkichi yomon emas. Oila a’zolarimiz ko‘magida bu tokzordan 5 tonnadan ziyod sarxil hosil olishga harakat qilyapmiz, — deydi tadbirkor.
Uzumchilik va qulupnay yetishtirishni bir xo‘jalikda uyg‘unlashtirish orqali yer maydonidan yil davomida imkon qadar samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.
Turkon mahallasidagi ushbu tajriba tomorqa va qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish, bir maydonda bir necha turdagi mahsulot yetishtirish hamda oilaviy daromadni oshirish borasidagi amaliy tashabbuslardan biridir.
Qishloq xo‘jaligida bunday tajribalarni kengaytirish, ayniqsa, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Shahobiddin Zaripovning hisob-kitoblariga ko‘ra, uzumchilik bilan bir qatorda qulupnay yetishtirishdan kelgusida olinadigan daromad 150 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kutilmoqda.
Eng muhimi, ushbu xo‘jalikdagi tajriba mahallada boshqa tomorqa egalari uchun ham qo‘shimcha daromad manbalarini izlash, qishloq xo‘jaligida yangicha yondashuvlarni qo‘llash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun amaliy namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati
