Buxoroda fransuz sanʼati nafasi: “Provans va impressionizm nurida” koʻrgazmasi ochildi
2026-10-03 16:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk, koʻrgazma muallifi Diana Xamzina, sanʼat va madaniyat namoyandalari, ijodkorlar, sayyohlar, jamoatchilik vakillari hamda sanʼat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov barcha ishtirokchilarni Fransiya madaniyati kunlarining boshlanishi va mazkur koʻrgazmaning ochilishi bilan muborakbod etdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik ikki xalqni yanada yaqinlashtirib, mamlakatlarning boy tarixiy va maʼnaviy merosini oʻzaro namoyon etish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
Bugungi madaniy tadbir ham ana shu hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida qayd etildi.
“Provans va impressionizm nurida” koʻrgazmasida Fransiyaning janubida joylashgan Provans mintaqasining oʻziga xos tabiati, yorugʻligi va ranglari, shuningdek, impressionizm sanʼatiga xos boʻlgan lahza, kayfiyat va inson his-tuygʻularini ranglar orqali ifodalash anʼanalari oʻz aksini topgan.
Koʻrgazmaning Buxoroning tarixiy muhitida — Sitorai Mohi-Xosa saroyida tashkil etilgani tadbirga alohida mazmun va ramziy ahamiyat bagʻishladi. Zero, asrlar davomida Sharq va Gʻarb madaniyatlari oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini bajarib kelgan Buxoro bugun ham turli xalqlar va madaniyatlar oʻrtasidagi muloqot maydoni sifatida oʻzining tarixiy missiyasini davom ettirmoqda.
Tadbirda Fransiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk ham soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. U ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishda sanʼat va madaniyat tadbirlarining muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
Elchi mazkur koʻrgazmaning Buxoroda, uning boy tarixiy va madaniy muhitida oʻtkazilayotgani alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, fransuz sanʼatini Buxoro ahli va mehmonlariga yaqindan tanishtirish imkoni yaratilganini eʼtirof etdi.
Koʻrgazma muallifi Diana Xamzina esa oʻz ijodiy izlanishlari, Provans tabiati va impressionizm estetikasining uning asarlaridagi oʻrni haqida fikr bildirdi. Ushbu koʻrgazma orqali fransuz madaniyatining nafis jihatlarini Buxoro muhitida namoyon etish, sanʼat ixlosmandlari bilan ijodiy muloqot qilish va ikki madaniyat oʻrtasidagi mushtarakliklarni ochib berish imkoniyati yaratilganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, sanʼat insonlarni birlashtiruvchi, xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hurmatni mustahkamlovchi muhim vositalardan biridir. Shu maʼnoda mazkur koʻrgazma fransuz sanʼatining nafis jihatlarini Buxoro ahli va shahar mehmonlariga yaqindan tanishtirish bilan birga, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Provans va impressionizm nurida” koʻrgazmasida namoyish etilgan asarlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular asarlarda aks etgan Provans tabiati, uning betakror manzaralari, ranglar uygʻunligi va impressionizmga xos badiiy ifoda vositalariga alohida qiziqish bildirdilar. Koʻrgazma ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, sanʼat va madaniyat sohasidagi oʻzaro muloqot uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtadi.
Shuningdek, Fransiya madaniyati kunlari doirasida Buxoroda oʻtkazilayotgan mazkur tadbirlar ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ijodkorlar oʻrtasida tajriba almashinuvini rivojlantirish hamda Buxoro aholisi va mehmonlarini fransuz sanʼati bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga Fransiya madaniyati kunlari doirasidagi boshqa madaniy tadbirlarda ham faol ishtirok etish taklif etildi.
Koʻrgazmaning Buxoroda namoyish etilishi nafosat, tarix va madaniyat uygʻunligini namoyon etgan muhim madaniy voqealardan biri boʻldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







