“Jaholatga qarshi—ma’rifat bilan kurashamiz!”
2026-10-02 19:20:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda hamkor tashkilotlardan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi U. Qurbonov, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari M.Safoeva, viloyat IIB terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi mas’ul xodimi, leytenant S. Sa’dullaeva va oliy ta’lim dargohlari rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot davomida bugungi globallashuv davrida yoshlarni turli ekstremistik va radikal oqimlar ta’siridan asrashda ma’rifatning o‘rni, inson qadri va huquqlarini hurmat qilish, yoshlar ongini ijobiy g‘oyalar bilan boyitish masalalari keng yoritildi.
Shuningdek, universitet va institut rektorlari maslahatchilari, yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat masalalari bo‘yicha birinchi prorektorlari ham so‘zga chiqib, talaba-yoshlarga bag‘rikenglik, mehr-oqibat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglash zarurligi haqida ta’sirchan ma’ruzalar qilishdi. Bu tadbirlarda “Tinchlik — eng oliy ne’mat” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda tinchlik va osoyishtalikning inson hayoti, jamiyat taraqqiyoti hamda yoshlar kelajagidagi beqiyos ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, uni asrab-avaylash hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Muloqotlarda yoshlarni turli tahdidlardan ogoh bo‘lishga, axborot makonidan to‘g‘ri va oqilona foydalanishga, huquqiy va ma’naviy bilimlarini oshirishga chaqirildi. Jaholat va ma’rifat o‘rtasidagi farq, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish, sog‘lom dunyoqarash va mustahkam ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Samimiy ruhda o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javoblar oldilar. Mazkur ochiq muloqotlar talaba-yoshlarda huquqiy madaniyatni oshirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish va eng muhimi — jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









