Gʻijduvon: asrga tengdosh maktab — yuzlab taqdirlar uchun kamolot beshigi
2026-09-29 19:45:00 / Yangiliklar

1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Gʻijduvon tumanidagi 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻzining 100-yillik yubileyini nishonlamoqda.
Bir vaqtlar Sadriddin Ayniy nomi bilan atalgan ushbu taʼlim dargohi bir asr davomida yuzlab, minglab yoshlarga saboq berib, ularning bilim olishi, kasb tanlashi, hayotda oʻz oʻrnini topishi va jamiyatga munosib inson boʻlib kamol topishida muhim poydevor vazifasini bajarib keldi.
Bu maktab uchun 100-yillik sana — oddiy yubiley emas. Bu bir asr davomida taʼlim va tarbiyadek sharafli vazifani zimmasiga olgan ustozlarning fidokorona mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Maktab tarixi 1925-yilda Soktari qishlogʻida tashkil etilgan yangi usuldagi taʼlim maskaniga borib taqaladi.
Uning tashkil etilishida mahalliy ziyolilardan biri Rustam Abdurahmonovning tashabbusi va mehnati muhim oʻrin tutgan. Oʻsha davrda yangi usuldagi maktabning tashkil etilishi qishloq yoshlarining savodini chiqarish, ularga zamonaviy bilim berish va taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlgan.
Yillar oʻtdi. Davrlar almashdi. Jamiyat oʻzgardi. Taʼlim tizimida yangi talab va yondashuvlar paydo boʻldi. Maktab ham zamon bilan birga rivojlandi, binolari yangilandi, oʻquv jarayoni takomillashdi.
Ammo bir jihat oʻzgarmadi — yosh avlodga sifatli taʼlim berish, ularni ezgu maqsadlar sari yoʻnaltirish va munosib tarbiyalash anʼanasi davom etdi.
Maktab tarixidagi muhim voqealardan biri 1981-yil 21-fevralda yuz berdi. Shu kuni 664 nafar oʻquvchiga moʻljallangan yangi, zamonaviy ikki qavatli maktab binosi foydalanishga topshirildi.
Yangi bino oʻsha davr uchun taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, maktabning keyingi taraqqiyoti uchun ham muhim asos boʻldi.
Oradan qariyb yarim asr oʻtib, taʼlim dargohida yana bir katta yangilanish amalga oshirildi.
2026-yilda Investitsiya dasturi doirasida “Aziz story-777” MCHJ binokorlari tomonidan 540 oʻringa moʻljallangan qoʻshimcha oʻquv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Bu yangilik maktab hayotida muhim voqea boʻldi. Yangi binoning ishga tushirilishi natijasida taʼlim muassasasidagi oʻquv jarayoni uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratildi va bugungi kunda 1 250 nafar oʻquvchi bir smenada taʼlim olmoqda.
Eng muhimi, zamonaviy va qoʻshimcha oʻquv xonalarining tashkil etilishi oʻquvchilar uchun yanada qulay taʼlim muhitini yaratish, oʻqituvchilar uchun esa oʻz bilim va tajribasini samarali namoyon etish imkonini kengaytirdi.
Bugun maktabda 103 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 32 nafari oliy, 30 nafari birinchi malaka toifasiga ega.
Bu raqamlar zamirida, avvalo, oʻz kasbiga sadoqatli, taʼlim-tarbiyadek masʼuliyatli vazifaga vijdonan yondashib kelayotgan ustozlarning mehnati mujassam.
Zero, maktabning haqiqiy qiyofasi uning devorlari yoki xonalari bilan emas, avvalo, shu dargohda dars berayotgan ustozlar va taʼlim olayotgan oʻquvchilarning yutuqlari bilan belgilanadi.
Bu borada bugungi natijalar ham quvonarli.
Joriy yilda maktabni 85 nafar oʻquvchi tamomlagan boʻlsa, ularning 67 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.
Ushbu koʻrsatkich bir asr davomida shakllangan taʼlim anʼanalarining bugungi kunda ham oʻz samarasini berayotganini koʻrsatadi. Kecha maktab ostonasidan ilk bor qadam qoʻygan bolalarning bugun oliy taʼlim sari yoʻl olayotgani esa ustoz mehnatining eng katta natijalaridan biridir.
100-yillik yubiley munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda maktab tarixida alohida iz qoldirgan insonlar yana bir bor bir joyga jam boʻldilar.
Unda turli yillarda mazkur taʼlim dargohida faoliyat yuritgan ustozlar, maktab bitiruvchilari, nafaqadagi pedagoglar va ishchi-xodimlar ishtirok etdi.
Yillar davomida birga mehnat qilgan hamkasblar, bir vaqtlar shu sinf xonalarida taʼlim olgan bitiruvchilarning uchrashuvi tadbirga alohida fayz bagʻishladi.
Samimiy suhbatlar, xotiralar va ezgu tilaklar davomida maktabning kechagi va bugungi hayoti yodga olindi. Bir vaqtlar bu dargohda taʼlim bergan ustozlar, ularning shogirdlari, maktabda kechgan quvonchli va unutilmas lahzalar haqida soʻz yuritildi.
Zero, maktab tarixi — bu faqat binolar, sinf xonalari va sanalar tarixi emas. Uning har bir sahifasida inson taqdiri, ustoz mehnati va shogird orzusi mujassam.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar maktab jamoasi, ustoz va murabbiylarni qutlugʻ 100-yillik yubiley hamda kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdilar.
Ustozlarning mashaqqatli, ammo sharafli mehnati, yosh avlodga sifatli taʼlim-tarbiya berish, ularni bilimli, vatanparvar va fidoyi insonlar etib tarbiyalashdagi beqiyos oʻrni alohida eʼtirof etildi.
100-yillik tarix — bu oʻtmishga nazar tashlash bilan birga, kelajak uchun ham masʼuliyatdir.
Asr davomida necha-necha avlodga taʼlim bergan ushbu dargoh endi oʻzining yangi asriga qadam qoʻymoqda. Yangi binolar, zamonaviy imkoniyatlar, tajribali ustozlar va izlanuvchan yoshlar esa bu yoʻlning davom etishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Eng muhimi, ushbu maktabdan yana koʻplab avlodlar katta hayotga qadam qoʻysin. Ularning orasida ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, sanʼat, tadbirkorlik va boshqa sohalarda yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yoshlar koʻpaysin.
Chunki asrga tengdosh maktabning eng katta boyligi — uning binosi emas, balki shu dargohda taʼlim va tarbiya olgan insonlardir.
Qutlugʻ sana munosabati bilan tashkil etilgan madaniy-maʼrifiy tadbir esa barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bagʻishlab, bir asrlik tarixga ega taʼlim maskanining bugungi yutuqlari va ertangi orzulariga hamohang tarzda yakunlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






