Butunjahon turizm kuni: Buxoroda soha fidoyilariga ehtirom koʻrsatildi
2026-09-29 19:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, viloyatning turizm sohasida mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarni ushbu muhim sana bilan samimiy tabrikladi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida Buxoro xalqaro miqyosdagi yirik turistik, madaniy va ishbilarmonlik markaziga aylanib bormoqda.
Joriy yilda viloyatga 2 million 35 mingdan ziyod xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlib, ularga koʻrsatilgan turizm xizmatlari hisobiga 581,5 million AQSH dollari miqdorida tushum qayd etilgan. Shuningdek, respublika hududlaridan 4 million 100 mingdan ortiq mahalliy sayyoh Buxoroga kelgan.
Turistlar oqimining ortishi soha infratuzilmasining kengayishiga ham xizmat qilmoqda. Yil boshidan buyon 79 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 757 taga yetdi. 1 842 ta yangi mehmon oʻrni tashkil etildi. Shuningdek, 35 ta yangi turoperator va turagent faoliyati boshlandi.
Bugun viloyatda turizm va unga yondosh sohalarda 85 ming nafar aholi mehnat qilmoqda.
Tadbirda Buxoroning xalqaro miqyosdagi nufuzi ham alohida qayd etildi. Shahar 2020-yilda Islom olami madaniyati poytaxti, 2023-yilda “Butun jahon hunarmandlar shahri” maqomiga sazovor boʻldi. Shuningdek, Buxoro YUNESKOning Ijodkor shaharlar tarmogʻiga “Amaliy bezak va xalq sanʼati” yoʻnalishi boʻyicha Markaziy Osiyodagi ilk shahar sifatida kiritildi.
Ayni paytda Buxoro xalqaro madaniy diplomatiya va ijodiy industriyalar markazi sifatida ham yangi bosqichga chiqmoqda. Osiyo xotin-qizlar II forumi, III Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali, “Ipak va ziravorlar” festivali hamda I Buxoro biyennalesining oʻtkazilishi shaharning yirik xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish salohiyatini namoyon etdi.
Tadbirda yana bir muhim yangilik — Buxoroning 2027-yilda YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmogʻining xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qilishi alohida taʼkidlandi. Anjumanda 110 ga yaqin mamlakatdagi 408 ta ijodkor shahar vakillari qatnashishi kutilmoqda.
Shuningdek, Buxoroda MICE — kongress, konferensiya, koʻrgazma va ishbilarmonlik turizmi uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Yangi mehmonxonalar, Kongress xoll majmuasi, Koʻrgazmalar zali va boshqa zamonaviy obyektlar shaharning xalqaro tadbirlarni qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Viloyat hududlarida ham turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qator mahalla va qishloqlarga “turizm qishlogʻi” va “turizm mahallasi” maqomi berilib, ularda milliy hunarmandchilik, gastronomiya, oilaviy mehmon uylari va mahalliy servisni turistik mahsulotga aylantirish ishlari olib borilmoqda.
Botir Zaripov tadbir davomida turoperator va turagentlar, mehmonxona va restoranlar xodimlari, gidlar, hunarmandlar, transport va servis sohasi vakillari, muzey va madaniyat muassasalari xodimlari hamda turistlar xavfsizligini taʼminlayotgan xizmatlarga minnatdorlik bildirdi.
— Buxoroga kelayotgan har bir mehmonning taassuroti sizlarning mehnatingiz bilan chambarchas bogʻliq. Sizlarning har biringiz Buxoroning dunyodagi oʻziga xos tashrif qogʻozini yaratayotgan insonlarsiz, — dedi viloyat rahbari.
Tadbir doirasida turizm sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan fidoyi va tashabbuskor soha vakillarining mehnati ham munosib eʼtirof etildi.
Jumladan, turizm sohasida koʻp yillik samarali mehnati, fidoyiligi va sohani rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun bir guruh soha vakillariga “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Buxoroning turistik salohiyatini yuksaltirish, mehmonlarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatish, milliy madaniyat va mehmondoʻstlik anʼanalarini keng targʻib etishda faollik koʻrsatgan soha vakillari turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandilar.
Taqdirlanganlar orasida turoperator va turagentlar, mehmonxona va restoranlar xodimlari, gidlar, hunarmandlar, transport va servis sohasi vakillari hamda turizm tarmogʻining boshqa fidoyilari bor.
Ushbu eʼtiroflar sohada mehnat qilayotgan insonlarning kasbiy faoliyatiga berilgan yuksak baho boʻlib, ularni yangi tashabbus va marralar sari ruhlantirishi shubhasiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









