Buxoroda akvapark va zamonaviy sanoat parki tashkil etish rejalashtirilmoqda
2026-09-28 23:30:00 / Yangiliklar

Kompaniya taqdimotiga koʻra, u loyihalarni rejalashtirish, qurilish jarayonlarini tashkil etish, sifat va xarajatlarni boshqarish, obyektlarni ekspluatatsiya qilish hamda investitsiyalarni boshqarish yoʻnalishlarida tajribaga ega. Shuningdek, kompaniyaning Vanke va Greentown kabi yirik Xitoy developerlari bilan hamkorlik aloqalari qayd etilgan.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan Buxoro viloyatida zamonaviy akvapark va koʻp funksiyali kurort majmuasini tashkil etish boʻyicha investitsiya tashabbusi taqdim etildi. Loyihaning dastlabki investitsiya hajmi 40 million AQSH dollari etib belgilangan.
Loyiha doirasida ochiq havoda faoliyat yurituvchi, suvi isitiladigan akvapark, tematik savdo hududi, kurort tipidagi turar-joy majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Majmua mahalliy aholi, turistlar hamda sanoat parklarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilmoqda. Loyihaning asosiy gʻoyasi yil davomida faoliyat yuritadigan suvli dam olish, savdo va yashash funksiyalarini birlashtirgan zamonaviy majmua barpo etishdan iborat.
Kompaniya konsepsiyasiga koʻra, mazkur loyiha Buxoroda yil davomida xizmat koʻrsatuvchi suvli dam olish obyektlari segmentini rivojlantirish va yangi turistik maskanni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, China Wanjun International transchegaraviy taʼminot zanjirlariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surmoqda. Ushbu loyihaga 60 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Shu tariqa, akvapark va kurort majmuasi hamda sanoat parkini qamrab olgan ikki yoʻnalish boʻyicha umumiy investitsiya hajmi 100 million AQSH dollarini tashkil etadi. Taqdimotda mazkur obyektlarni oʻzaro yaqin hududlarda joylashtirish va turizm, savdo hamda sanoat infratuzilmasi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etilgan.
Uchrashuvda loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq qator masalalar, jumladan, talab etiladigan yer maydoni va obyektlarning aniq joylashuvi, moliyalashtirish manbalari va investorning oʻz mablagʻlari ulushi, amalga oshirish muddatlari va bosqichlari muhokama qilindi.
Shuningdek, akvaparkning texnik quvvati, tashrif buyuruvchilarni qabul qilish salohiyati, suv va energiya resurslariga ehtiyoji, yaratiladigan ish oʻrinlari va kutilayotgan soliq tushumlari yuzasidan maʼlumotlar taqdim etilishi zarurligi qayd etildi.
Tomonlar kompaniyaning shu kabi loyihalar boʻyicha amaliy tajribasi va referenslarini oʻrganish, shuningdek, taklif etilayotgan investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini aniqlash boʻyicha fikr almashdilar.
Loyihalarning amalga oshirilishi Buxoroda zamonaviy turistik infratuzilmani kengaytirish, aholi va sayyohlar uchun yangi dam olish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, sanoat va logistika salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarining texnik, moliyaviy va iqtisodiy koʻrsatkichlarini chuqur oʻrganish, zarur infratuzilmani shakllantirish imkoniyatlarini baholash hamda keyingi amaliy qadamlarni belgilash boʻyicha kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








