Buxoroda "Poykent" milliy brendi taqdim etildi
2026-09-28 10:15:00 / Matbuot anjumanlari

Buxoro shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va turizm boshqarmasi hamkorligida "Buxoroda turizm sohasida erishilayotgan yutuqlar va “Poykent” milliy brendining imkoniyatlari" mavzusida matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi.
Tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 21-iyul kungi videoselektor yig‘ilishida belgilangan milliy brendlarni yaratish, qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro bozorda targ‘ib etish bo‘yicha vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Anjumanda viloyat rahbariyati, turizm sohasi vakillari, "Poykent" brendi asoschilari hamda 50 ga yaqin OAV va internet nashrlari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, "Poykent" milliy brendi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Brend asosida faoliyat yuritayotgan "Poykent Bukhara Old City" mehmonxonasi Buxoroda milliy turizm brendini shakllantirish va uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim loyihalardan biri sifatida e’tirof etildi.
Loyiha doirasida "Poykent Bukhara" brendi ostida zamonaviy mehmonxonalar tarmog‘ini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, ziyorat va madaniy turizm salohiyatini oshirish hamda Buxoroning turistik jozibadorligini kuchaytirish rejalashtirilgan.
📌Hozirda "Poykent" brendi ostida 4 ta mehmonxona faoliyat yuritmoqda:
➡️Vobkent tumanida – 1 ta (21 xona, 52 o‘rin);
➡️Kogon tumanida – 2 ta (116 xona, 239 o‘rin);
➡️Buxoro shahrida – "Poykent Bukhara Old City" 4 yulduzli mehmonxonasi (129 xona, 248 o‘rin).
