Gʻijduvon: Bir xonadonda boshlangan ish 47 ta oilaga daromad olib kelmoqda
2026-09-25 18:50:00 / Yangiliklar

Yuqori Havzak aholi punktida Tuygʻun Ismoilov tomonidan yoʻlga qoʻyilgan shoʻrdanakchilik faoliyati avvaliga kichik hajmda boshlangan edi. Bugun esa bu yerda 3 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan, yana qariyb 47 ta xonadon aholisi mazkur faoliyat orqali daromad topmoqda.
Tizim oddiy: tadbirkor xomashyoni xonadonlarga yetkazib beradi, aholi esa uy sharoitida danaklarni chaqib, tayyor mahsulot uchun haq oladi. Har bir kilogramm chaqilgan danak uchun 3 500 soʻmdan toʻlov amalga oshiriladi.
Shu tariqa xonadon egalari oʻz uyida mehnat qilib, oilaviy daromadiga qoʻshimcha mablagʻ kiritmoqda. Eng muhimi, buning uchun alohida ish joyiga borish yoki xonadondan uzoqlashish talab etilmaydi.
Mazkur mehnat jarayoni “Havzak” bilan cheklanib qolmayapti. “Nodirabegim” va “Gulistonobod” mahallalaridagi xonadonlar ham unga jalb etilgan. Natijada bir tadbirkorlik subyekti atrofida bir nechta mahallada yashovchi aholi uchun qoʻshimcha daromad manbai shakllangan.
Faoliyatning yana bir muhim jihati — mahalliy xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishdir. Tadbirkor Gʻijduvon tumani hududidan danaklarni qabul qilib, ularni qayta ishlaydi. Tayyor mahsulotlar esa qoʻshni Qashqadaryo viloyatiga yetkazib berilmoqda.
Ishlab chiqarish hajmi ham salmoqli. Ayni paytda haftasiga oʻrtacha 1 tonnaga yaqin tayyor mahsulot yetkazib berilyapti. Bu koʻrsatkich faoliyatning bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotganini koʻrsatadi.
Tadbirkorlikni yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish rejalari belgilangan. Bu esa kelgusida mazkur mehnat zanjiriga yana koʻproq xonadonlarni jalb etish imkonini beradi.
Aslida, bugungi natija katta ishlab chiqarish korxonasidan emas, bir xonadondagi kichik tashabbusdan boshlangan. Uning eng katta samarasi esa ishlab chiqarilgan mahsulot emas, balki mehnat qilish va daromad topish imkoniga ega boʻlgan insonlar sonining ortib borayotganida.
Bir xonadonda boshlangan ish — 3 nafarning bandligi, 47 ta xonadonning daromadi va boshqa hududlarga yetkazib berilayotgan tayyor mahsulotga aylandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






