Choʻlga qarshi yashil qalqon: Qorakoʻlda “Galofit bogʻi”
2026-09-25 15:50:00 / Yangiliklar

Bunday murakkab sharoitda tabiatning oʻziga xos moslashuvchan va shoʻrlangan tuproqlarda ham oʻsish xususiyatiga ega oʻsimliklaridan samarali foydalanish muhim. Ana shunday oʻsimliklar sirasiga galofitlar kiradi.
Galofitlar — shoʻrxok va shoʻrlangan tuproqlarda oʻsishga moslashgan oʻsimliklar boʻlib, ogʻir tabiiy sharoitlarda ham yashil qoplamni saqlab qolish xususiyatiga ega. Choʻllanish jarayoni kuchaygan hududlarda oʻsimlik qoplamining siyraklashishi shamol eroziyasini kuchaytirishi mumkin. Galofitlar esa bunday hududlarda tabiiy yashil qoplamni shakllantirish orqali ushbu jarayonlarni yumshatishga hissa qoʻshadi.
Shu nuqtayi nazardan, Qorakoʻl tumanida galofit oʻsimliklarni oʻrganish va koʻpaytirishga qaratilgan tashabbus alohida ahamiyat kasb etadi.
— Qorakoʻl tumanida tabiatni asrash, yashil hududlarni kengaytirish va vohaning oʻziga xos iqlim sharoitiga mos oʻsimliklarni koʻpaytirish borasida yana bir xayrli tashabbusga qoʻl urildi, — deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. — Choʻllanishga qarshi innovatsion yondashuv sifatida tumanning Zarafshon massivida “Galofit bogʻi” tashkil etilmoqda. Choʻl va shoʻrlanishga chidamli oʻsimliklar jamlangan ushbu maskan nafaqat ekologik, balki ilmiy-tajribaviy ahamiyatga ham ega boʻlib, kelgusida tabiat va inson uygʻunligini taʼminlashga xizmat qiladigan oʻziga xos yashil hududga aylanishi maqsad qilingan.
Vohaning ayniqsa yoz faslidagi jazirama issigʻi va quyosh tafti ostida ham yashilligini saqlab qolayotgan har bir galofit oʻsimlik tabiatning moslashuvchanlik imkoniyatlarini oʻrganish uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Ayni paytda 10 gektardan ortiq maydonda tashkil etilgan tajriba uchastkasida 30 dan ortiq turdagi oʻsimliklar ekilgan. Bu yerda galofitlarning oʻsishi, rivojlanishi va mahalliy iqlim sharoitiga moslashuvi oʻrganilmoqda.
Galofit oʻsimliklar maxsus oʻrganiladigan va parvarish qilinadigan bunday bogʻlar tabiatning ogʻir sharoitlariga moslashgan oʻsimliklarni sinovdan oʻtkazish va ularning amaliy imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladigan oʻziga xos ilmiy maydon vazifasini bajaradi.
Kelgusida galofit oʻsimliklardan chorva uchun ozuqa bazasini kengaytirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, shoʻrlangan hududlarda yashil maydonlar barpo etish kabi yoʻnalishlarda foydalanish imkoniyatlari mavjud.
Shu maʼnoda, Qorakoʻlda olib borilayotgan tadqiqotlar Buxoro viloyatining murakkab tabiiy sharoitini chuqur oʻrganish, shoʻrlangan yerlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini aniqlash va kelajak avlod uchun ekologik barqaror muhit yaratish yoʻlidagi muhim qadamdir.
Bu tashabbus “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan uygʻun holda davom etmoqda. Loyiha doirasida viloyat boʻylab 15 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shahar va tumanlarda, shuningdek, choʻlga tutash hududlarda 20 dan ortiq “Yashil bogʻ” barpo etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Umuman, respublikadagi Nukus, Arnasoy, Karmana, Muborak va Qorakoʻl tumanlarida galofit oʻsimliklar bogʻlarini tashkil etish ishlari boshlangan.
Mazkur bogʻlar uchun Xitoydan 1,4 ming tonna galofit oʻsimliklari urugʻi olib kelingan boʻlib, ayni paytda ushbu urugʻlardan galofit koʻchatlarini yetishtirish ishlari yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qorakoʻldagi “Galofit bogʻi” ana shu yoʻnalishdagi amaliy tashabbuslardan biri sifatida shoʻrlangan va choʻl hududlarida yashil maydonlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda choʻllanish jarayonlarining salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





