Buxoroda “Yashil makon” doirasida 20 millionga yaqin ko‘chat ekiladi
2026-09-25 12:00:00 / Yangiliklar

Taqdimotda viloyatda yashil hududlarni kengaytirish, daraxt va butalarni ko‘paytirish, aholi uchun ekologik jihatdan qulay muhit yaratish, shuningdek, cho‘l hududlaridan samarali foydalanish borasida belgilangan vazifalar xususida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, kuzgi mavsumda “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyat hududida qariyb 20 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Bu ishlar shahar va tumanlardagi bo‘sh yer maydonlari, yo‘l bo‘ylari, aholi punktlari, ijtimoiy soha ob’yektlari atrofi hamda boshqa hududlarni ko‘kalamzorlashtirishni qamrab oladi.
Shu bilan birga, “Mening bog‘im” loyihasi doirasida barcha shahar va tumanlarda yangi “Yashil bog‘lar” hamda “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. Mazkur hududlarda aholi uchun sayr qilish va hordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bir qatorda, ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Viloyatning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, cho‘l hududlarini ko‘kalamzorlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 58 ming gektar cho‘l maydonlarida himoya o‘rmonzorlari barpo etilishi belgilangan.
Bu kabi o‘rmonzorlar hududni shamol va chang ta’siridan himoya qilish, tuproq eroziyasining oldini olish, tabiiy muhit barqarorligini ta’minlash hamda cho‘llanish jarayonlarini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘chat yetishtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari ham e’tibordan chetda qolmaydi. Buxoro ilmiy-tajriba stansiyasida zamonaviy “in-vitro” laboratoriyasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali sifatli va kasalliklarga chidamli ko‘chatlarni ko‘paytirish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihalarni samarali amalga oshirishda suv ta’minoti masalasi muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda 25 kilometr sug‘orish tizimi qurilishi va 12 ta suv chiqarish qudug‘i o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Belgilangan chora-tadbirlar natijasida viloyatda yashillik darajasini 13 foizga oshirish, shuningdek, yiliga 1,6 million tonna kislorod ishlab chiqarilishiga erishish maqsad qilingan.
Taqdimot davomida yirik transport yo‘nalishlari bo‘ylab yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan loyihalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, A-380 “Gʻuzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘li hamda “Qiziltepa–Buxoro–Xiva” temir yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi qismi yo‘l yoqalarida yashil belbog‘lar barpo etish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihalar nafaqat hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, balki avtomobil va temir yo‘llari atrofida ekologik barqarorlikni ta’minlash, yo‘l bo‘ylarining tashqi ko‘rinishini yaxshilash va hududning umumiy landshaftini boyitishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Qorako‘l tumanida galofit o‘simliklari bo‘yicha ilmiy-tajriba uchastkasi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalish ayniqsa sho‘rlangan va suv tanqis hududlarda iqlim va tuproq sharoitiga mos o‘simlik turlarini o‘rganish, ularni ko‘paytirish hamda amaliyotga joriy etish nuqtai nazaridan ahamiyatli.
Bundan tashqari, A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro shahridagi avtoshohbekatdan Hazrati Eshon qabristonigacha bo‘lgan qismida “Soyali ko‘cha” tashkil etish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi.
Ushbu tashabbus doirasida yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish, soya beruvchi daraxtlarni ekish va piyodalar uchun qulay muhit yaratish ko‘zda tutilmoqda. Bu, ayniqsa, yoz oylarida yuqori harorat kuzatiladigan Buxoro sharoitida aholi va yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratishi bilan ahamiyatli.
Taqdimot yakunida viloyat hokimi Botir Zaripov belgilangan loyihalar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Xususan, yashil hududlarni kengaytirish ishlarini samarali tashkil etish uchun, avvalo, mavjud bo‘sh yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Har bir hududning tuproq tarkibi va strukturasini o‘rganish, iqlim va suv ta’minoti sharoitida n kelib chiqib daraxt hamda buta turlarini to‘g‘ri tanlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ekiladigan har bir ko‘chatning keyingi parvarishi, uni muntazam sug‘orish, oziqlantirish va saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
— Ko‘chat ekishning o‘zi bilan ish bitmaydi. Eng muhimi, uning tutishi, o‘sishi va kelgusida yashil hududga aylanishi ta’minlanishi kerak, — degan yondashuv asosida ishlarni tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Mas’ullarga har bir loyiha bo‘yicha aniq manzilli rejalar ishlab chiqish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekiladigan ko‘chatlarning turi va parvarishlash tizimini oldindan belgilash vazifalari yuklatildi.
Umuman, “Yashil makon” doirasida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar Buxoro viloyatida ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, aholi uchun yanada qulay yashash muhitini yaratish hamda cho‘llanish jarayonlarining salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan.
Eng muhimi, bu jarayonda faqat ko‘chat ekish emas, balki ularni asrab-avaylash, parvarishlash va kelgusida barqaror yashil hududlarga aylantirish asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.









