Otinoyilar “Zakovat” intellektual o‘yinida bahslashdilar
2026-09-22 18:30:00 / Yangiliklar
“Bilim—tafakkur, tafakkur—kamolot !” Shunday shior ostida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tizimida faoliyat yuritayotgan otinoyilar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, “Mir Arab” oliy madrasasi rektori Jobir Elov, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar yurtimizda inson qadri, ilm-ma’rifat va ma’naviy taraqqiyotga qaratilayotgan e’tibor xususida fikr-mulohazalarini bildirishib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar.
Viloyatimiz shahar va tumanlaridan saralangan otinoyilar bellashuvda tarix, ma’rifat, milliy va diniy qadriyatlar, yurtimiz taraqqiyotiga oid savollarga javob berish orqali o‘z bilim va tafakkurlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Qizg‘in va do‘stona ruhda kechgan “Zakovat” bellashuvi ishtirokchilar uchun bilim va tafakkurni charxlash bilan birga, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi. O‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazgan ishtirokchilar o‘zlarining mantiqiy fikrlash qobiliyati va jamoaviy hamkorlik borasidagi mahoratini namoyon etdilar.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, Romitan tumani otinoyilaridan tashkil topgan “Volidai azizon” jamoasi “g‘oliblik shohsupasi”ning faxrli uchinchi pog‘onasidan o‘rin egallagan bo‘lsa, Buxoro tumani otinoyilaridan tashkil topgan “Oqila ayollar” jamoasi faxrli ikkinchi o‘ringa munosib topildi. O‘z bilim va kasbiy mahorati bilan ajralib turgan Buxoro shahar otinoyilaridan iborat “Soliha ayollar” jamoasi esa yakdil ovoz bilan intellektual o‘yin g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida tashkilotchi—“Vaqf” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali tomonidan “Zakovat” bellashuvi barcha ishtirokchilari va jamoalarga esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








