Olot: “Yosh botir” mahallasidagi Dildora Avezova xonadoni ham issiqxona imkoniyatidan unumli foydalanmoqda
2026-09-22 17:15:00 / Yangiliklar
Aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash va oilalar turmush sharoitlarini yaxshilashda yaratilayotgan ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun avvalo, tomorqa yer egalari o‘zlarida mavjud imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, mehnat qilib, daromad topishning uddasidan chiqmoqdalar.

"Yosh botir" mahallasida yashovchi Dildora Avezova uy xo‘jaligidagi tomorqa dehqonchiligi fikrimizga dalil. Ayni kunda xonadon bekasi ikki o‘g‘li va kelinlari bilan birgalikda ro‘zg‘or tebratish barobarida xonadonida mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib kelmoqda. Oilada voyaga yetayotgan nevaralar ham hatto ota-onalari, buvilariga yaqin ko‘makchiga aylangan.
Bu xonadonga kelin bo‘lib tushgnan Shabnam Boboqulova nomiga bankdan ajratilgan 27 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan 5 sotixli maydonda issiqxona tashkil etilgani ro‘zg‘or uchun ayni muddao bo‘ldi.
Yil boshidan plyonka ostiga, issiqxonaga kartoshka, bodring va pomidor ekilib, dastlabki hosildan qariyb 12 million so‘m daromadga erishildi. Hozirda esa issiqxonada takroriy ekin sifatida 350 tup pomidor va 500 tupdan ortiq bodring ko‘chatlari parvarish qilinmoqda. Hademay, 1,3 tonna pomidor va yana shuncha bodring hosilini yig‘ishtirib olish hisobidan jami 20 million so‘mdan oshirib moddiy manfaat topish ko‘zlanmoqda. Hatto qishki mavsumda ham issiqxona yeri bo‘sh qoldirilmasdan, unda ismaloq, sarimsoqpiyoz va ko‘katlar yetishtirish odatga aylangan.
Dildora Avezova hamda oila a’zolari xonadonda chorva mollarini boqib ko‘paytirib, daromad salmog‘ini oshirmoqdalar. Hozirda xo‘jalik og‘ilxonasida 7 bosh qoramol parvarishlanayotgan bo‘lib, bo‘rdoqiga boqilayotgan qoramol hisobidan bir yil davomida 1 tonnadan ko‘proq go‘sht yetishtirish, xomaki hisob-kitoblarga ko‘ra, bundan 130 million so‘mdan ziyod daromad topish imkoniyati mavjud.
—Muhtojlik va kambag‘allikdan chiqishning oddiy yo‘li astoydil mehnatda,—deydi ibratli oila bekasi Dildora Avezova.— Hamisha nochor ahvoldan chiqish, o‘sib kelayotgan farzandlar orzu-havasini ko‘rish haqida o‘ylab, qayg‘urib kelayotganimizdan shunday natijalarga erishayotgan bo‘lsak, ajabmas. Xonadonimizda har birimizning ishimiz tayin. Issiqxonamiz, chorva mollarimiz, parrandachiligimiz bor, albatta, bularga erishishning o‘zi bo‘lmagan. Ro‘zg‘or yukini tortish, ehtiyojni qoplash uchun hamisha harakatdamiz.
Tajribamizdan kelib chiqib aytsak, chindan ham, mehnat bor joyda harakat, harakat bor joyda esa moddiy manfaatdorlik bo‘ladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







