Kogon: Hofizlar qishlog‘ida issiqxona faoliyati rivojlanmoqda
2026-09-21 14:35:00 / Yangiliklar
“Kogon” mahalla fuqarolar yig‘ini Hofizlar qishlog‘ida 40 sotix maydonda issiqxona tashkil etilib, unda pomidorning erta pishar, serhosil navidan ekib, parvarishlanmoqda.

Mazkur issiqxonada bugunga kelib 10 nafardan ortiq ishchi, asosan yoshlar va xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangani hududda ishsizlikni kamaytirish, aholi daromad manbalarini kengaytirishga ham munosib ulush, albatta.
Mazkur issiqxona xo‘jaligida joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar, jumladan, tomchilatib sug‘orish tizimi, iqlim nazorati, resurs tejamkor usullar hamda yuqori sifatli urug‘liklardan foydalanish mahsulot sifatini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash va yil davomida uzluksiz hosil yetishtirish imkonini bermoqda.
O‘z navbatida, tumanda oziq-ovqat mahsulotlari barqarorligini ta’minlash, narx-navoning muvozanatini saqlash va aholining sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda chog‘roq yeridan katta daromad olayotgan kogonlik ilg‘or tomorqa egalaridan Sorg‘un mahallasida istiqomat qilayotgan Shuhrat To‘raev, O‘ba-Cho‘li mahallasida yashovchi Nosir Haydarov, Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi Bahrom Yodgorov, Sarayon mahallasida yashovchi Said Narziev, Tutkunda mahallasida istiqomat qilayotgan Axtam Fozilovlarni alohida ko‘rsatish mumkin.
Yil bo‘yi astoydil ekin yerida ishlab, kerak bo‘lsa “yo‘qni yo‘ndirib”, pirovardida peshona teri evaziga barakali hosil yetishtirayotgan aholi xonadonlari mirishkorlari bular. Mazkur xo‘jaliklarda joriy yil davomida plyonka ostida kartoshka, pomidor, piyoz, bulg‘or qalampiri, yana boshqa mahsulotlar yetishtirilayotganini ko‘rish mumkin. Ular orasida limon yetishtirishda puxta tajribaga egalari bor.
Umuman, ayni kunda Kogon tumanida aholi tomorqachilari 21 mingga yaqin bo‘lib, ular tasarrufidagi mavjud tomorqa yeri 2 ming 128 gektarga yetkazilgan. Shuningdek, hududda bevosita issiqxona xo‘jaligini barpo etib, unda yilning to‘rt faslida ham barakali hosil yetishtirayotgan xo‘jaliklar ekin yeri 20 gektardan ortiq maydonni tashkil etmoqda. Mazkur issiqxonalarning aksariyati 1–4 sotixdan iborat bo‘lib, yil bo‘yi asosan pomidor, kartoshka, piyoz, bodring, karam, sarimsoqpiyoz, qolaversa, limon, apelsin kabi sitrus meva yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tuhfa etib kelinmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









