Qorovulbozor: “Istiqlol”da parrandachilik—ishlab chiqarishdan daromadgacha
2026-09-21 10:55:00 / Yangiliklar
Qorovulbozor tumanida qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha yo‘nalishlarni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan tashabbuslar o‘z samarasini bermoqda.

Tumanning “Navbahor” hududida Hasan Ro‘ziev rahbarligidagi “Istiqlol” fermer xo‘jaligi 125 gektar maydonda serhosil navlarga mansub g‘alla yetishtirib, joriy yil yozgi mavsumda 375 tonnalik bug‘doy xirmonini barpo etdi va har gektar hosildorligini 85 sentnerga yetkazdi. Paxtachilik tarmog‘ida ham faol bo‘lgan xo‘jalik mehnatkashlari 100 gektar yer maydonida “Xin Lu Zao-57” navli chigit ekib, g‘o‘za parvarishlab, davlat shartnomasiga binoan 216 tonna xom ashyo topshirish majburiyatini olishgan. Paxtachilik va g‘allachilik bilan bir qatorda “Istiqlol”da chorvachilik hamda parrandachilik kabi qo‘shimcha yo‘nalishlar ham rivojlantirilmoqda.
Xo‘jalikda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Farg‘ona viloyatidan 400 bosh “Dominant” zotli tuxumdor tovuq keltirilib, ularni parvarishlash ishlari tashkil etilgan. Shu bilan birga, zotdor tovuqlarni inkubatsiya usulida ko‘paytirish imkoniyati ham yaratilmoqda.
Mazkur loyihaning muhim jihatlaridan biri — kelgusi yildan boshlab kam daromadli oilalarga zotdor tovuqlar tarqatishni yo‘lga qo‘yish chora-tadbiri ko‘rilmoqda. Bu orqali xonadonlarda parrandachilikni rivojlantirish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish va oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
“Dominant” zotli tovuqlarning yuqori tuxumdorligi va turli iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Inkubasiya jarayonining yo‘lga qo‘yilishi esa kelgusida parranda sonini ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish imkonini beradi.
Ayni paytda “Istiqlol” fermer xo‘jaligida 20 nafardan ortiq fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangan. Parrandachilik tarmog‘ining kengaytirilishi bilan yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati ham ortadi.
Bu tashabbus qishloq xo‘jaligida faqat an’anaviy yo‘nalishlar bilan cheklanib qolmasdan, bir xo‘jalik doirasida yangi daromad manbalarini yaratish, aholi bandligini kengaytirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







