Ish izlagan — ish topdi, tadbirkorlikni koʻzlagan — imkoniyatga ega boʻldi
2026-09-19 16:30:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda bugun tuman hokimligi hamda “Xalq banki” hamkorligida tasdiqlangan reja-jadval asosida Markaziy dehqon bozori avtoturargohida aholi uchun navbatdagi imkoniyatlar yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — ish qidirayotgan fuqarolarni munosib va doimiy ish oʻrinlariga yoʻnaltirish, oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki mavjud biznesini kengaytirish istagida boʻlgan aholiga zarur moliyaviy va amaliy koʻmak koʻrsatishdan iborat.
Yarmarkada tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar oʻzlarida mavjud boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Ish izlab kelgan fuqarolarga mavjud vakansiyalar, ularga qoʻyiladigan talablar, mehnat sharoitlari va ishga qabul qilish tartibi haqida maʼlumotlar berildi.
Tadbirning yana bir muhim jihati — oʻz tadbirkorligini boshlash yoki kengaytirish istagidagi fuqarolar uchun zamonaviy mini-texnologiyalar koʻrgazmasi tashkil etilganidir.
Koʻrgazmada qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqa sohalarda foydalanish mumkin boʻlgan zamonaviy, ixcham va samarador mini-texnologiyalar namoyish etildi. Fuqarolarga ushbu texnologiyalarni arzonlashtirilgan imtiyozli kredit va ssudalar asosida xarid qilish imkoniyatlari tushuntirildi.
Bunday texnologiyalarning aholi uchun yana bir muhim jihati shundaki, ulardan foydalanib, katta mablagʻ va ishlab chiqarish maydonlarini talab qilmaydigan kichik biznes loyihalarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshimcha daromad manbaini yaratish va yangi ish oʻrinlari tashkil etish mumkin.
Tadbir davomida ish oʻrinlariga qiziqish bildirgan, mini-texnologiyalar xaridi orqali oʻz faoliyatini boshlash yoki mavjud tadbirkorligini kengaytirish istagida boʻlgan 100 nafardan ziyod fuqaroning murojaatlari joyida oʻrganib chiqildi. Har bir murojaat boʻyicha masʼullar tomonidan zarur tushuntirishlar berilib, tegishli yechimlar belgilab olindi.
Shuningdek, “Xalq banki” agentlari tomonidan aholiga imtiyozli kredit va ssudalardan foydalanish shartlari, zarur hujjatlar, moliyalashtirish mexanizmlari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda mavjud biznesni kengaytirishda bank bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan joyida javob olib, mavjud imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha amaliy tavsiyalarga ega boʻldilar.
Umuman, bunday ochiq muloqot va amaliy yarmarkalar aholi bilan bevosita ishlash, ishsiz fuqarolarni mavjud boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va odamlarning oʻz daromadini oshirish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, ish izlagan inson uchun munosib ish oʻrni, tadbirkorlikni koʻzlagan fuqaro uchun esa zarur moliyaviy koʻmak va amaliy imkoniyatning bir joyda taqdim etilishi aholi bandligi va farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









