Gʻijduvon: 5 sotix yerda barpo etilgan issiqxona bir oilaning barqaror daromad manbaiga aylanmoqda
2026-09-18 17:45:00 / Yangiliklar

Gʻijduvonlik Umida Qoʻldosheva ham ana shunday tashabbuskor tadbirkorlardan biri. U joriy yil fevral oyida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Har bir oila -tadbirkor” dasturi doirasida 26 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit oldi.
Mazkur mablagʻ xonadonda yangi imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish uchun yoʻnaltirildi. Natijada 5 sotix maydonda issiqxona tashkil etildi.
Avvaliga oddiy tashabbusdek koʻringan ushbu ish bugun oʻz samarasini bermoqda. Issiqxonadan oqilona va samarali foydalanish, ekinlarni parvarishlashda agrotexnik talablarga amal qilish natijasida yil davomida 3 marotaba hosil olish imkoniyati yaratildi.
Xonadondagi har bir ekin, har bir koʻchat va har bir hosil ortida oila aʼzolarining kundalik mehnati, izlanishi va masʼuliyati mujassam.
Bugun ushbu mehnat oʻz samarasini berib, oilaning daromadini oshirish bilan birga, oila aʼzolarining bandligini taʼminlashga ham xizmat qilmoqda.
Ayni paytda 3 nafar oila aʼzosining bandligi taʼminlangan. Eng quvonarlisi, oila 9 oy davomida issiqxona faoliyatidan 40–45 million soʻm miqdorida daromad olishga erishgan.
Bu raqamlar ortida esa bir oilaning harakati, mehnati va oʻz imkoniyatlariga boʻlgan ishonchi bor.
Xonadonda tadbirkorlikning bir yoʻnalishi bilan cheklanib qolinmayapti.
Issiqxonachilik bilan bir qatorda bu yerda anorchilik, chorvachilik va parrandachilik yoʻnalishlarida ham ish olib borilmoqda. Yaʼni xonadonda mavjud yer va mehnat resurslaridan kompleks foydalanish orqali bir nechta daromad manbai shakllantirilgan.
Bu esa oilaviy tadbirkorlikning muhim jihatlaridan biri — daromad manbalarini kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish imkonini bermoqda.
Oila aʼzolarining birgalikda mehnat qilishi esa yana bir muhim natijani yuzaga keltirmoqda. Xonadonda nafaqat daromad, balki mehnat madaniyati, tadbirkorlik koʻnikmalari va kelajakka ishonch ham shakllanmoqda.
Ishchi guruh bilan muloqot davomida Umida Qoʻldosheva faoliyatini yanada kengaytirish niyati borligini bildirdi. Xususan, qoʻylar sonini koʻpaytirish va chorvachilik yoʻnalishini rivojlantirish rejalari mavjud.
Bu kabi tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanishi natijasida xonadonlarda yangi daromad manbalari yaratilmoqda, oila aʼzolarining bandligi taʼminlanmoqda va kichik tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda.
Eng muhimi, bugungi natija ertangi yanada katta rejalar uchun poydevor boʻlmoqda.
Tashabbus bor joyda imkoniyat, mehnat bor joyda baraka, harakat bor joyda natija boʻladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









