Shofirkon: Mahallada ishlab chiqarish, xonadonlarda daromad kengaymoqda
2026-09-18 10:20:00 / Yangiliklar

Iskogare mahallasida Nodir Hasanov boshchiligida yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish faoliyati ham buning amaliy misollaridan biridir. Hosil Qurbonov bilan hamkorlikda 2025-yilda tashkil etilgan mazkur tadbirkorlik faoliyati mahalliy bozordagi talab va ehtiyojlar chuqur oʻrganilgan holda yoʻlga qoʻyilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 500 million soʻmni tashkil etadi. Shundan 250 million soʻmi bank krediti, qolgan 250 million soʻmi esa xoʻjalikning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan.
Bugungi kunda korxonada qurilish sohasida talab yuqori boʻlgan penoblok va gazoblok mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bir kunda 550 donagacha qurilish materiali tayyorlanib, mahsulotlarning asosiy qismi tuman ichki bozorida sotilmoqda. Bir dona mahsulotning oʻrtacha sotuv narxi 18 ming soʻmni tashkil etadi.
Ishlab chiqarish quvvatining yoʻlga qoʻyilishi mahalliy bozorni zarur qurilish materiallari bilan taʼminlash barobarida, aholi uchun yangi mehnat va daromad imkoniyatlarini ham yaratmoqda.
Ayni paytda korxonada 6 nafar fuqaroning doimiy bandligi taʼminlangan. Ish hajmiga qarab qoʻshimcha kunlik ishchilar ham jalb qilinib, ularga har bir ish kuni uchun 300 ming soʻmdan mehnat haqi toʻlanmoqda.
Bu koʻrsatkichlar tadbirkorlik faoliyatining mahallada bandlikni taʼminlash va aholi daromadini oshirishdagi amaliy ahamiyatini koʻrsatadi. Eng muhimi, ishlab chiqarishning kengayishi bilan qoʻshimcha fuqarolarni mehnatga jalb etish uchun ham imkoniyat paydo boʻladi.
Tadbirkorlik subyekti faoliyatini kelgusida yanada kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun mahalliy bozordagi talabni muntazam oʻrganish, mahsulot sifatini saqlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratish muhim.
Mahallalarda bunday ishlab chiqarish tashabbuslarining koʻpayishi bir vaqtning oʻzida bir nechta muhim masalani hal etishga xizmat qiladi. Xususan, aholi bandligi taʼminlanadi, xonadonlarga qoʻshimcha daromad kirib keladi, mahalliy bozorda zarur mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Eng muhimi, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali fuqarolarni tayyor yordamga emas, balki mehnat va oʻz imkoniyati orqali daromad topishga yoʻnaltirish uchun sharoit yaratiladi.
Iskogare mahallasidagi mazkur korxona faoliyati ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Bu yerda bir tadbirkorlik tashabbusi ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish esa yangi ish oʻrinlari va daromad manbaiga aylanmoqda.
Zero, har bir yangi ish oʻrni — bir oilaning daromadi, har bir ishlab chiqarish tashabbusi — yangi imkoniyat, har bir daromadli xonadon esa mahalla farovonligining mustahkam asosidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






