Olotda elektr va gaz taʼminoti “Yangiyoʻl tajribasi” asosida oʻrganilmoqda
2026-09-17 15:35:00 / Yangiliklar

Yangiyoʻl tumani tajribasi asosida Olot tumanida elektr va gaz taʼminotini yaxshilash boʻyicha maxsus shtab tashkil etilib, ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Respublika, viloyat va tuman masʼullaridan iborat 10 ta ishchi guruh shakllantirildi. Ular tomonidan tumandagi 35 ta mahallada aholi, tadbirkorlik subyektlari hamda ijtimoiy soha obyektlarining elektr va tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoji “mahallabay” oʻrganilmoqda. Shu asosda hududning oylik, choraklik va yillik energiya balansi shakllantirilmoqda.
Dastlabki tahlillarga koʻra, tumanda yil davomida 25,3 million kub metr tabiiy gaz isteʼmoli prognoz qilingan. Joriy yilning olti oyida 12,9 million kub metr yoki yillik prognozning 51 foizi isteʼmol qilingan.
Elektr energiyasi boʻyicha esa yillik isteʼmol hajmi 919,5 million kilovatt-soat etib belgilangan. Olti oy davomida 459,8 million kilovatt-soat, yaʼni yillik hajmning 51 foizi sarflangan.
Energiya taʼminoti barqarorligini taʼminlash maqsadida joriy yilda tumanda 45 ta transformator punkti va 169,9 kilometr elektr tarmogʻi, shuningdek, 4,1 kilometr gaz tarmogʻi rekonstruksiya qilindi.
Bundan tashqari, gaz quvurlarini sinovdan oʻtkazish, yer osti gaz quvurlarining holatini tekshirish hamda mavjud tarmoqlarni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yil yakuniga qadar yana 11 ta transformator punkti, 33,5 kilometr elektr tarmogʻi va 3 metr gaz tarmogʻini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Tumandagi ijtimoiy soha obyektlarining energiya sarfi ham alohida tahlil qilinmoqda. Ayni paytda Olot tumanidagi 106 ta ijtimoiy soha obyektining energiya taʼminoti va sarfi oʻrganilmoqda.
Bu jarayondan koʻzlangan asosiy maqsad — energiya resurslaridan oqilona foydalanish, ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish hamda ijtimoiy soha obyektlarini bosqichma-bosqich energiya samarador tizimga oʻtkazishdan iborat.
Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanda amalga oshirilayotgan “yashil energetika” loyihalari ham koʻzdan kechirildi.
Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda elektr energiyasini saqlash tizimi faoliyati bilan tanishildi. “Qirlishon” massivida joylashgan mazkur loyiha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlarini qayta tiklash doirasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning holati ham oʻrganildi.
Xususan, “Amu-Buxoro–1” nasos stansiyasida qiymati 82 million 960 ming AQSH dollariga teng boʻlgan qurilish ishlari toʻliq yakunlangan.
Maʼlumotlarga koʻra, inshoot sinov tariqasida ishlagan davrda 75 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejashga erishilgan. Bu qariyb 80 milliard soʻm mablagʻni tejash imkonini bergan.
Mazkur inshootning Buxoro va Navoiy viloyatlarini suv bilan taʼminlashdagi ahamiyati ham alohida taʼkidlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









