Peshkuda bunyodkorlik nafasi: maktab va tibbiyot obyektlari yangilanmoqda
2026-09-16 12:20:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Hayot Davlatov kecha Peshku tumani hokimi Anvar Hamroyev bilan birgalikda “Bobohoji”, “Xorkash”, “Zandani” va “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinlarida olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari, shuningdek, mukammal taʼmirlanayotgan ijtimoiy soha obyektlaridagi jarayonlar bilan tanishdi.
Jumladan, “Doʻstlik” MFYdagi 20-sonli umumtaʼlim maktabini mukammal taʼmirlash ishlari jadal davom etmoqda. Oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan mazkur maktab binosi soʻnggi yillarda moddiy-texnik jihatdan yaroqsiz holga kelgan. Shuningdek, oʻquvchilar soni mavjud quvvatdan oshib ketgani bois taʼlim jarayoni moslashtirilgan sharoitda, ikki smenada tashkil etilgan. Bu holat maktab binosini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish zaruratini yuzaga keltirgan.
Ayni paytda maktab binosini yangilash va kapital rekonstruksiya qilish maqsadida 6 milliard 180 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Loyihachi — “Galaosiyo loyiha” MCHJ, pudratchi — “Muzaffar XK” mutaxassislari tomonidan belgilangan ishlar qurilish meʼyor va talablariga muvofiq olib borilmoqda.
Shuningdek, “Chegʻirchi” MFYdagi 47-sonli umumtaʼlim maktabini kapital rekonstruksiya qilish va qoʻshimcha oʻquv binosi qurish ishlari davom ettirilmoqda. Ayni paytda pudratchi “Buxara novostroy” MCHJ binokorlari tomonidan belgilangan qurilish-taʼmirlash ishlarining qariyb yarmi bajarilgan. Loyihani amalga oshirish uchun 12 milliard 300 million soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan.
Tumandagi tibbiyot muassasalarida ham qurilish va rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, “Qoraqalpoq” MFYdagi “Qoraqalpoq”, “Bobohoji” MFYdagi “Boqimirishkor” va “Xorkash” MFYda joylashgan 32-sonli oilaviy shifokorlik punktlarini yangidan qurish hamda mukammal taʼmirlash ishlari davom etmoqda.
Mazkur loyihalar uchun “Qoraqalpoq” qishlogʻidagi tibbiyot muassasasiga 3 milliard 200 million soʻm, “Bobohoji” va “Xorkash” mahallalaridagi tibbiyot obyektlari uchun esa jami 8 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Ayni kunlarda ushbu obyektlarda “Buxoro stroy plus purplish”, “Inter global stroy”, “Buxara remont stroy montaj” MCHJ kabi pudratchi korxonalar ishchi-mutaxassislari tomonidan qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Oʻrganishlar yakunida masʼullarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli tashkil etish, mehnat muhofazasi talablariga qatʼiy rioya qilish, aniqlangan nuqson va kamchiliklarni bartaraf etish hamda obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish boʻyicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









