Kollektordan ijtimoiy maskanga: Kogonda yangi loyiha amalga oshirilmoqda
2026-09-16 10:15:00 / Yangiliklar

Jumladan, “A-380” avtomobil yoʻli boʻylab, “Taraqqiyot” mahallasidan oqib oʻtuvchi “Qoʻngʻirot” kollektori atrofida olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari natijasida hudud zamonaviy dam olish va sayr qilish infratuzilmasiga ega maskanga aylantirilmoqda.
Shu kunga qadar asosan texnik ahamiyatga ega boʻlgan gidroinshoot — kollektor endilikda nafaqat suvlarni oʻtkazish, balki mahalliy aholi uchun qulay ijtimoiy va dam olish muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Ayni paytda kollektorning 900 metrlik qismida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, hududda avtomobil yoʻli va piyodalar yoʻlaklari, tungi yoritish chiroqlari, ayvonlar, bolalar attraksionlari hamda muzqaymoq, salqin ichimliklar va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi uchun xizmat koʻrsatish shaxobchalari barpo etilmoqda.
“Bukhara georoad proyekt group” MCHJ tomonidan loyihalashtirilgan mazkur maskanda hozirda pudratchi “Shavkat Shokir savdo” MCHJning ishchi va mutaxassislari qurilish-montaj ishlarini olib bormoqda.
Loyihaga koʻra, “Sohil boʻyi” dam olish maskanida 20 ga yaqin tadbirkorga xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati yaratiladi. Bu esa hududda yangi xizmat turlarini tashkil etish, aholiga qulaylik yaratish hamda qoʻshimcha bandlik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida hududning mavjud holatini yaxshilash, kollektor atrofini tartibga keltirish, piyodalar va avtotransport harakati uchun qulay sharoit yaratish, aholi va tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy dam olish hamda xizmat koʻrsatish maskanini barpo etish koʻzda tutilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





