Buxoroda paxta yigʻim-terimi mavsumi rasman boshlandi
2026-09-16 09:25:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida tegishli soha mutasaddilari, paxtachilik-gʻallachilik klasterlari rahbarlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, agrosanoat majmuasiga daxldor tashkilotlar, taʼminot va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar masʼullari, soha faxriylari hamda ilgʻor fermerlar Bahouddin Naqshband ziyoratgohida jam boʻldi.
Tadbir avvalida Qurʼon tilovat qilinib, yurtimizda tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlarimiz toʻkinligi, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati samarali boʻlishi hamda moʻl hosil yigʻib olinishi tilab duo qilindi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, yangi navlarni sinovdan oʻtkazish va ishlab chiqarish jarayonlariga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish tarmoq samaradorligini oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Paxtachilikda ham asosiy eʼtibor nafaqat hosildorlikni oshirish, balki yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, belgilangan muddatlarda va sifat talablariga muvofiq yigʻib olishga qaratilmoqda.
Joriy yilda Buxoro viloyatida 3 122 ta fermer xoʻjaligining 85 ming gektar maydonida 450 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish belgilangan. Oʻrtacha hosildorlik 52,9 sentnerni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Yetishtirilgan hosilni qabul qilish uchun 9 ta klaster va kooperatsiyaning 32 ta paxta qabul qilish maskani mavsumga tayyor holatga keltirilgan.
Paxta yigʻim-terimini qisqa muddatlarda va samarali tashkil etish maqsadida mehnat resurslari ham shakllantirilgan. Xususan, mavsum davomida 2 040 ta otryadga 102 ming nafar terimchi jalb etiladi.
Ularning 62,1 ming nafari fermer xoʻjaliklari aʼzolari, 29,5 ming nafari uyushmagan aholi hamda 10,3 ming nafari shahar va tuman markazlaridan ixtiyoriy ravishda terimda ishtirok etadigan fuqarolardan iborat.
Terim jarayonida qoʻl mehnati bilan bir qatorda zamonaviy texnika imkoniyatlaridan ham keng foydalaniladi. Joriy yilda viloyatda 90 ta yangi paxta terish mashinasi xarid qilingan.
Umuman, mavsumga 128 ta paxta terish mashinasi jalb etilgan boʻlib, ular orasida 65 ta FM World, 36 ta John Deere, 9 ta Swan, 9 ta Boshiran hamda 9 ta Case, Kanza rusumli texnikalar mavjud.
Yigʻim-terim ishlarining uzluksiz tashkil etilishi uchun 3 122 ta transport traktori, 3 508 ta tirkama va terimchilarni tashishga moʻljallangan 610 ta transport vositasi safarbar etilgan.
Mavsumda terimchilar uchun zarur sharoitlarni yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, 204 ming dona etak, 3 122 dona tarozi, 3 122 dona qozon-oʻchoq, 3 122 dona samovar, 4 683 dona suv saqlash baki va 7 016 dona tirkama uchun yopinchiq zaxirasi yaratilgan.
Paxta terish mashinalaridan samarali foydalanish va ish jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida 152 ta maxsus otryad tashkil etilgan. Otryadlarga jamoat xavfsizligi va favqulodda holatlarning oldini olish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar boʻlimlaridan masʼul xodimlar biriktirilgan.
Shuningdek, viloyatning barcha tumanlarida paxta hosilini sifatli va qisqa muddatlarda yigʻib olish boʻyicha tuman shtablari tashkil etilgan.
Ayni paytda hududlarda mavsumning har bir bosqichini muvofiqlashtirish, texnika va transport vositalaridan unumli foydalanish, paxtani qabul qilish va saqlash jarayonlarini tizimli tashkil etishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Endilikda asosiy vazifa — daladagi hosilni oʻz vaqtida yigʻib olish, paxta xomashyosining sifat koʻrsatkichlarini saqlash, terimchilar uchun zarur mehnat sharoitlarini taʼminlash hamda mavsumni uyushqoqlik bilan yakunlash.
Buxoro dalalarida boshlangan yangi terim mavsumi dehqon va fermerlarning bir yillik mashaqqatli mehnati samarasini namoyon etadi. Yetishtirilgan moʻl hosilni barakali xirmonlarga aylantirish yoʻlida mavsum ishtirokchilarining hamjihatligi, masʼuliyati va fidokorona mehnati muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









