Qorovulbozorda aholi bandligi va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi
2026-09-15 15:50:00 / Yangiliklar

Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov, “mahalla yettiligi” vakillari, tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar masʼullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tumanda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Har bir mahalladagi mavjud holat, ishsiz fuqarolar soni, daromad manbalari, oilalarning ehtiyoj va muammolari, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish imkoniyatlari hamda foydalanilmayotgan zaxiralar yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.
Muhokamalar davomida ayrim mahallalarda mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgani, aholi bandligini taʼminlash va oilalar daromadini oshirish boʻyicha ishlarni yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Botir Zaripov har bir mahallada muammoni umumiy koʻrsatkichlar orqali emas, balki xonadonbay va fuqarobay oʻrganish, ishsiz va daromad manbaiga ega boʻlmagan aholi uchun aniq yechim topish zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda mavjud boʻsh ish oʻrinlaridan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyatini kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish, kasb-hunarga oʻqitish va oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Buning uchun Qorovulbozorda mavjud iqtisodiy salohiyat, yer va suv resurslari, tadbirkorlik imkoniyatlari, sanoat va xizmat koʻrsatish sohasidagi zaxiralarni toʻliq ishga solish zarurligi taʼkidlandi.
Mahallalardagi mavjud boʻsh binolar, yer maydonlari va boshqa infratuzilma obyektlaridan samarali foydalanish, ularni tadbirkorlik subyektlariga jalb etish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilandi.
Muhokamalar yakunida har bir mahalla boʻyicha alohida chora-tadbirlar rejasi shakllantirilib, masʼullarga aniq vazifalar biriktirildi. Bunda asosiy mezon sifatida bajarilgan ishlar soni emas, balki qancha oila doimiy daromad manbaiga ega boʻlgani, qancha ishsiz fuqaro ishga joylashtirilgani va kambagʻallikdan chiqarilganiga eʼtibor qaratilishi aytib oʻtildi.
Shuningdek, aholi bandligini taʼminlash jarayonida “mahalla yettiligi”, mutasaddi tashkilotlar va hududiy rahbarlarning oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, masʼuliyat va natijadorlikni oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida viloyat hokimi tuman profilaktika inspektorlari bilan ham muloqot qilib, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolar, taklif va tashabbuslarini tingladi.
Profilaktika inspektorlari faoliyatida asosiy eʼtiborni jinoyat sodir etilgandan keyin chora koʻrishga emas, balki uning oldini olishga qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Shu nuqtayi nazardan, profilaktika inspektorlari oldiga hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, muammoli oilalar va xavf guruhidagi shaxslar bilan manzilli ishlash, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini yoʻlga qoʻyish, mahalla faollari bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari qoʻyildi.
Ayniqsa, oilaviy nizolar, ishsizlik, ijtimoiy muammolar va boshqa omillar tufayli huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar bilan individual ishlash, ularning muammolarini tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish muhimligi qayd etildi.
Profilaktika inspektorlariga mahalladagi ijtimoiy muhitni chuqur oʻrganish, har bir muammoli xonadon boʻyicha aniq profilaktik choralarni belgilash va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda natijador ishlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir mahalla va xonadon kesimida amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam tahlil qilib borish hamda natija bermayotgan yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Asosiy maqsad — Qorovulbozor tumanida har bir oilaning daromadini oshirish, ishsizlikni bartaraf etish, kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun munosib mehnat va tadbirkorlik sharoitlarini yaratish hamda mahallalarda tinch va barqaror muhitni taʼminlashdan iborat.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









