Peshku tumanida ishlab chiqarish salohiyati kengaymoqda
2026-09-10 17:30:00 / Yangiliklar

Shulardan biri “Mirxon Madiyor Agrotex” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan donni qayta ishlash, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasidir.
Mazkur loyiha nafaqat tumanda ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat yaratish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasida zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarini yoʻlga qoʻyish, donni qayta ishlash va undan turli non hamda non mahsulotlari tayyorlash imkoniyatini kengaytirish koʻzda tutilgan. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 ming tonnani tashkil etib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini 13,5 milliard soʻmga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Loyihaning yana bir muhim jihati — yangi ish oʻrinlarining yaratilishidir. Xususan, korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida 20 ta yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Bu esa, ayniqsa, mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbaini yaratish, ishsiz fuqarolarni doimiy mehnat bilan taʼminlash imkonini beradi.
Ishlab chiqarish korxonasining faoliyati tuman iqtisodiyotiga soliq tushumlari orqali ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Loyiha natijasida yiliga 800 million soʻm miqdorida soliq va majburiy toʻlovlar tushishi kutilmoqda.
Umuman, “Mirxon Madiyor Agrotex” MCHJning mazkur loyihasi Peshku tumanida sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, donni qayta ishlash hamda non va non mahsulotlari ishlab chiqarishning kengaytirilishi ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan taʼminlash imkoniyatlarini oshirib, tuman iqtisodiyotida ishlab chiqarish tarmogʻining ulushini yanada koʻpaytirishga zamin yaratadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



