Gʻijduvonda 150 oʻrinli zamonaviy bogʻcha foydalanishga topshirildi
2026-09-09 18:10:00 / Yangiliklar

Yoz oylaridan buyon 19-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ham mukammal taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, muassasa zamonaviy qiyofa kasb etdi. Ilgari 100 oʻrinli moslashtirilgan binoda faoliyat yuritgan mazkur muassasada rekonstruksiya ishlari yakunlangach, endi 150 nafar jajji oʻgʻil-qizga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.
Zamonaviy andozalar asosida ikki qavatli muassasani barpo etish uchun jami 3 milliard 785 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Qurilish ishlarini “Fast quality” MCHJning pudratchi ishchi va mutaxassislari amalga oshirdi.
Muassasaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, sektor rahbarlari, mahalla faollari, ota-onalar hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar zamonaviy va shinam maktabgacha taʼlim tashkilotida yaratilgan sharoitlar yosh avlodning jismoniy va aqliy rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar. Shuningdek, malakali tarbiyachi-pedagoglar bolalarning savodxonligini oshirish, ularni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashda munosib hissa qoʻshishlariga ishonch bildirildi.
Talab darajasida jihozlangan muassasada bolajonlarni sifatli taʼlim va tarbiya bilan qamrab olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, savodxonlik va mashgʻulot xonalari, sport va oʻyin maydonchalari, oshxona, yotoqxona, sanitariya tarmogʻi hamda issiqlik tizimi toʻliq shay holatga keltirilgan.
Yangi muassasaning ishga tushirilishi natijasida 20 dan ortiq yangi ish oʻrni ham yaratildi.
Ochilish marosimida ramziy alvon lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari muassasada bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Taʼkidlash joizki, maktabgacha taʼlim tizimida yaratilayotgan bunday zamonaviy sharoitlar bolajonlarni sifatli taʼlim va tarbiya bilan taʼminlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, Gʻijduvon tumanida maktabgacha yoshdagi, yaʼni 3–7 yoshli bolalar soni 25 ming 400 nafardan oshgan. Ayni paytda ularning maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 95 foizni tashkil etmoqda. Hozirda tumanda 48 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 4 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda 328 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









