Buxoroda “Freedom 250 Roadshow” koʻchma koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda
2026-09-09 12:45:00 / Yangiliklar

Tadbirning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov hamda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi elchisi oʻrinbosari Hezer Berns ishtirok etishdi.
Marosimda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotganini alohida taʼkidladi. Xususan, ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp oʻrtasidagi ochiq, ishonchli va doʻstona muloqotlar mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim asos boʻlayotgani qayd etildi.
Eʼtiro fetilganidek, davlatimiz rahbarining 2025-yil noyabr va 2026-yil fevral oylarida Amerika Qoʻshma Shtatlariga amalga oshirgan ikki amaliy tashrifi munosabatlarimizda yangi bosqichni boshlab berdi. Oq uydagi oliy darajadagi muzokaralar, “C5+1” sammiti, AQSH hukumati, moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuvlar strategik sheriklikni kengaytirish uchun zamin yaratdi. Eng muhimi, oliy darajadagi kelishuvlar hududlararo aloqalarni ham faollashtirdi. Bugun Oʻzbekiston hududlari AQSH shtatlari, shaharlari, universitetlari, turizm, biznes va madaniyat muassasalari bilan amaliy natijaga yoʻnaltirilgan munosabatlarni rivojlantirmoqda. Buxoro va Santa-Fe shaharlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan yaqin birodarlik aloqalar buning yorqin misolidir.
Buxoro viloyati ham yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. 2025-yilning noyabr–dekabr oylarida viloyatimiz delegatsiyalarining Amerika Qoʻshma Shtatlariga ikki amaliy tashrifi tashkil etildi. Har ikki safar iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarni aniq natijalar bilan boyitishga xizmat qildi.
Dastavval, Buxoro viloyati rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Tennessi, Kaliforniya, Nebraska, Texas va Nevada shtatlarida AQSHning yirik kompaniyalari va ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Yakunlarda umumiy qiymati 850 million dollarlik investitsiya loyihalarini ilgari surish va 200 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish boʻyicha kelishuvlar shakllantirildi.
Xususan, zamonaviy tibbiyot va mehmonxona majmualari, startaplarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari, raqamli xizmatlar markazi, suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari hamda toʻqimachilik mahsulotlari eksporti ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilab olindi.
San-Fransisko shahrida “Bukhara–US Invest-Trade Cooperation Center” — Buxoro–AQSH investitsiya va savdo hamkorlik markazining tashkil etilgani esa ishbilarmonlik aloqalarini doimiy asosda davom ettirish uchun amaliy mexanizm boʻldi.
Yana bir tashrif Santa-Fe, Vashington, Florida, Nyu-York va Nyu-Jersini qamrab oldi. Unda turizm, madaniyat, hunarmandchilik, taʼlim, tibbiyot va madaniy meros sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.
Santa-Fe bilan oʻzaro sheriklikni mustahkamlash, xalqaro festivallarga amerikalik hunarmand va ekspertlarni jalb etish, turistlar almashinuvini koʻpaytirish hamda taʼlim va madaniy dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olindi. Shuningdek, Jahon yodgorliklar jamgʻarmasi bilan Buxorodagi tarixiy uylar va madaniy meros obyektlarini asrash yuzasidan muloqot yoʻlga qoʻyildi.
Bu muloqotlar samarasida 2026-yil fevral oyida Amerika delegatsiyasi Buxoroga tashrif buyurdi va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Buxoroning turistik salohiyati Nyu-York shahri mashhur Tayms-skveri ekranlarida namoyish etilgani ham bizlarni oʻzaro kengroq tanitishga xizmat qilmoqda.
— Mazkur safar va uchrashuvlarning eng qimmatli jihati — Buxoro va Amerika oʻrtasidagi muloqotning aniq loyihalar va jonli insoniy aloqalarga aylanayotganidir. Bugun hunarmandlar, olimlar, tadbirkorlar, turizm vakillari va yoshlar bir-biri bilan bevosita fikr va tajriba almashmoqda. Mustahkam doʻstlik va uzoq muddatli sheriklik aynan shunday munosabatlardan boshlanadi, - dedi Botir Zaripov.
Viloyat hokimi Buxoro uchun taʼlim, innovatsiya, zamonaviy texnologiyalar, investitsiya, tadbirkorlik va turizm sohalarida AQSH bilan hamkorlikni rivojlantirish alohida ahamiyatga ega ekanini bildirib, mazkur tadbir yangi aloqalar va istiqbolli loyihalar uchun muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qilishini ham qayd etdi.
Hezer Berns esa oʻz nutqida “Freedom 250 Roadshow” loyihasining ahamiyatiga toʻxtalib, tadbir orqali Amerika Qoʻshma Shtatlarining taʼlim, innovatsiya, texnologiya, biznes va madaniyat sohalaridagi imkoniyatlari keng jamoatchilikka taqdim etilayotganini taʼkidladi.
Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikni yanada mustahkamlashda yoshlar, taʼlim va innovatsiyalarning oʻrni muhim ekani haqida soʻz yuritildi.
Qayd etish lozimki, Buxoroda ikki kun davom etadigan tadbir doirasida tashrif buyuruvchilar interaktiv koʻrgazmalar bilan tanishish, AQSHda taʼlim olish imkoniyatlari, xalqaro taʼlim dasturlari va akademik almashinuv loyihalari haqida maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida amerikalik va oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan bevosita muloqotlar, yangi gʻoyalar, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tashabbuslar taqdimotlari tashkil etilmoqda.
“Freedom 250 Roadshow” Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini keng jamoatchilikka yanada yaqinroq tanitish, ayniqsa, yoshlarni yangi bilim va imkoniyatlar bilan qamrab olishga xizmat qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari uchun tashkil etilgan interaktiv maydonlar va ochiq muloqotlar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy natijalari va yangi istiqbollarini namoyon etmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









