Davlat budjeti ijtimoiy yoʻnalishining kuchaytirilishi: taʼlim va sogʻliqni saqlashga ajratmalar
2026-09-08 17:25:00 / Yangiliklar

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda budjet siyosatining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi yanada kuchayib bormoqda. Bu, ayniqsa, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarini moliyalashtirish misolida yaqqol namoyon boʻladi.
2024–2026-yillar misolida koʻradigan boʻlsak, Oʻzbekiston davlat byudjeti dinamikasi bu tendensiyani yaqqol koʻrsatadi. 2024-yilda davlat byudjeti xarajatlarida taʼlim uchun 69,1 trln soʻm, sogʻliqni saqlash uchun 33,4 trln soʻm nazarda tutilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkichlar mos ravishda 95,1 trln va 41,3 trln soʻmga yetdi. 2026-yil byudjetida esa taʼlim uchun 100,3 trln soʻm, sogʻliqni saqlash uchun 48,9 trln soʻm ajratish belgilangan.
Bu raqamlar taʼlim xarajatlari 2024-yilga nisbatan 2026-yilda qariyb 45 foizga, sogʻliqni saqlash xarajatlari esa qariyb 46 foizga koʻpayganini koʻrsatadi. Demak, ijtimoiy sohaga moliyaviy eʼtibor nafaqat saqlanib qolmoqda, balki ayrim yoʻnalishlarda sezilarli darajada kuchaytirilmoqda.
2024–2026-yillar dinamikasida Buxoro viloyati misoliga nazar tashlasak, bir tomondan, hudud mahalliy byudjetining xarajatlar bazasi kengayib borayotganini, ikkinchi tomondan esa budjet mablagʻlarining aholi hayot sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi sohalarga yoʻnaltirilayotganini koʻramiz.
Buxoro viloyati budjet hajmi oʻsmoqda
Buxoro viloyati mahalliy byudjetining xarajatlari 2024-yilda 4 trln 593,5 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 5 trln 267,1 mlrd soʻmga, 2026-yilda esa 6 trln 129,8 mlrd soʻmga yetkazilgan.
Shunday qilib, ikki yil davomida viloyat mahalliy byudjetining xarajatlari qariyb 1 trln 536 mlrd soʻmga, yaʼni 33 foizdan ortiqqa oshgan.
Bu raqamning oʻzi hali ijtimoiy taraqqiyotni anglatmaydi. Muhimi — qoʻshimcha moliyaviy resurslar qayerga va qanday natija olish maqsadida sarflanayotganida.
Aynan shu nuqtayi nazardan taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Taʼlim - xarajat emas, inson kapitaliga investitsiya
Har qanday mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy salohiyati, avvalo, inson kapitaliga bogʻliq. Shu sababli taʼlimga ajratiladigan mablagʻlarni oddiy budjet xarajati sifatida emas, kelajak iqtisodiy oʻsishga kiritilayotgan investitsiya sifatida baholash mumkin.
Oʻzbekiston miqyosida taʼlim xarajatlari 2024-yilda 69,1 trln soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilda bu koʻrsatkich 100,3 trln soʻmga yetdi. 2026-yil Davlat budjeti doirasida ijtimoiy soha xarajatlari 220,1 trln soʻm etib belgilangan boʻlib, uning eng katta qismi taʼlim tizimiga toʻgʻri keladi.
Buxoro viloyatida ham mazkur umummilliy siyosat konkret obyektlar va natijalar orqali namoyon boʻlmoqda.
2025-yilda viloyatda jami 809 ta ijtimoiy soha obyektida qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilgan. Shundan 249 tasi maktab, 317 tasi maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlib, ularga mos ravishda 371,2 mlrd va 211,5 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Bu raqamlar jami hisobda taʼlim infratuzilmasiga 582,7 mlrd soʻm yoʻnaltirilganini koʻrsatadi.
Ammo, 2026-yilda bu jarayon yanada kengaydi.
Yilning birinchi yarmida Buxoro viloyatida 151 ta umumtaʼlim maktabi va 85 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada 24 542 ta yangi oʻquv oʻrni yaratildi, yana 6 760 ta mavjud oʻrin zamonaviy talablar asosida taʼmirlandi. Ushbu ishlarga 1,4 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Demak, budjet mablagʻlarining samarasi faqat moliyaviy koʻrsatkichda emas, balki yaratilgan taʼlim infratuzilmasida ham koʻrinadi.
Xoʻsh, raqamlar ortida qanday natija bor?
Taʼlim sohasiga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni uchta asosiy yoʻnalishga ajratish mumkin:
Birinchisi - infratuzilmani yangilash.
Maktablar va bogʻchalarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash orqali taʼlim olish uchun zarur fizik muhit yaratilmoqda.
Ikkinchisi - qamrovni kengaytirish.
Yangi oʻquv oʻrinlarining yaratilishi aholi soni oʻsib borayotgan hududlarda taʼlim muassasalariga boʻlgan ehtiyojni qoplash imkonini beradi.
Uchinchisi - taʼlim sifatini oshirish.
Zamonaviy jihozlar, raqamli texnologiyalar, yangi baholash tizimlari va sunʼiy intellekt elementlarining taʼlim jarayoniga kirib kelishi budjet xarajatlarining sifat jihatdan yangi bosqichga oʻtayotganidan dalolat beradi.
Masalan, 2026-yilda Buxoro shahrida taʼlim muassasalariga kuzatuv kameralari oʻrnatish, hojatxonalarni taʼmirlash hamda ayrim maktablarda sunʼiy intellektni joriy etish uchun ham budjet mablagʻlari ajratilgan.
Bu esa “maktab qurish” tushunchasining mazmuni oʻzgarayotganini koʻrsatadi. Endi gap faqat bino haqida emas, balki xavfsiz, raqamlashgan va zamonaviy taʼlim muhitini yaratish haqida bormoqda.
Sogʻliqni saqlash: mablagʻning asosiy mezoni - inson salomatligi
Sogʻliqni saqlash tizimidagi xarajatlarni baholashda ham shunga oʻxshash yondashuv talab etiladi.
Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash xarajatlari 2024-yilda 33,4 trln soʻm boʻlgan boʻlsa, 2026-yilda 49 trln soʻm etib rejalashtirilgan. Bu ikki yilda qariyb 47 foizlik oʻsishni anglatadi. 2026-yilda ijtimoiy soha uchun ajratilayotgan 220,1 trln soʻmning salmoqli qismi tibbiyot tizimiga yoʻnaltirilmoqda.
Buxoro viloyatida ham tibbiyot obyektlarini modernizatsiya qilish davom etmoqda.
Dasturlar doirasida viloyatda 177 ta tibbiyot obyektida qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilgan boʻlib, bu ishlarga 157 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Bu raqamlar tibbiyot sohasida budjet siyosatining muhim jihatini koʻrsatadi: mablagʻ nafaqat muassasalarni saqlashga, balki ularning moddiy-texnik bazasini yangilashga ham xizmat qilmoqda.
Tibbiyotda esa infratuzilmaning ahamiyati nihoyatda katta. Zamonaviy diagnostik uskuna, taʼmirlangan operatsiya xonasi, yangi tibbiy jihoz yoki yaxshi tashkil etilgan birlamchi tibbiy yordam punkti — bularning barchasi pirovardida inson hayoti va salomatligiga taʼsir qiladi.
Ijtimoiy budjetning yangi mezoni: qancha emas, qanday natija?
2024–2026-yillar dinamikasining eng muhim jihati shundaki, ijtimoiy xarajatlarni faqat mablagʻ hajmi bilan baholash tobora yetarsiz boʻlib qolmoqda.
Masalan, taʼlimga 1,4 trln soʻm sarflangani muhim raqam. Ammo undan ham muhimrogʻi - bu mablagʻ hisobiga 24,5 mingdan ortiq yangi oʻquv oʻrni yaratilgani.
Shuningdek, tibbiyotga 157 mlrd soʻm ajratilgani muhim, ammo bu mablagʻ hisobiga qancha muassasa zamonaviylashtirilgani, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati qanchalik yaxshilangani yanada muhimroq.
Shu maʼnoda zamonaviy budjet siyosatida “xarajat → natija → ijtimoiy samara” zanjiri asosiy baholash mezoniga aylanishi kerak.
Xulosa oʻrnida: inson kapitali - budjet siyosatining bosh mezoni
Buxoro viloyati misolidagi 2024–2026-yillar tahlili bir muhim haqiqatni koʻrsatadi: budjet siyosatining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi raqamlarda ham, real hayotdagi oʻzgarishlarda ham aks etmoqda.
Mahalliy budjet xarajatlarining 4,59 trln soʻmdan 6,13 trln soʻmgacha oʻsishi hududning moliyaviy imkoniyatlari kengayganini koʻrsatsa, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi loyihalar ushbu resurslarning inson hayotiga yoʻnaltirilayotganini koʻrsatadi.
Bugun maktabga sarflangan mablagʻ ertaga bilimli mutaxassis sifatida qaytishi, tibbiyotga yoʻnaltirilgan investitsiya esa sogʻlom va mehnatga qobil aholi shaklida iqtisodiyotga hissa qoʻshishi mumkin.
Shu bilan birga, keyingi bosqichda asosiy eʼtiborni mablagʻlarning hajmini oshirish bilan bir qatorda ularning natijadorligi, manzilliligi va har bir sarflangan soʻmning aholi uchun yaratayotgan ijtimoiy samarasini baholashga qaratish maqsadga muvofiq. Chunki ijtimoiy byudjetning haqiqiy samarasi ajratilgan mablagʻ miqdori bilan emas, balki sifatli taʼlim olgan yoshlar, zamonaviy tibbiy xizmatdan foydalangan aholi va yaxshilangan hayot sharoiti bilan oʻlchanadi.
Demak, ijtimoiy budjet - bu faqat bugungi ehtiyojlarni moliyalashtirish emas. U, avvalo, Buxoroning va butun mamlakatning ertangi taraqqiyotiga kiritilayotgan investitsiyadir.
Hamza Ro'ziyev,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati
