Shofirkon: yigʻim-terim oldidan “John Deere-9970” rusumli yuqori unumdor kombaynlar xarid qilindi
2026-09-08 10:40:00 / Yangiliklar

Xususan, “Zarhal teks” MCHJga qarashli “Doʻrman” paxta qabul qilish maskani hududdagi paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar uchun muhim agroindustrial maskanlardan biri hisoblanadi.
Mazkur paxta qabul qilish maskani tasarrufida 500 gektar ekin maydoni mavjud boʻlib, yuzdan ortiq fermer xoʻjaligi bilan tuzilgan shartnomalar asosida jami 3 ming gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom ashyosini qabul qilish va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, masʼuliyati cheklangan jamiyat Jondor, Buxoro hamda Gʻijduvon tumanlaridagi fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, joriy yilda jami 10 ming tonna paxta xom ashyosini Shofirkon tumanidagi qayta ishlash korxonasiga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Korxonada mavjud 20 dan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, mazkur faoliyat orqali 200 nafardan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlanmoqda.
Kuni kecha “Zarhal teks” MCHJning “Doʻrman” paxta qabul qilish maskanida yana bir yangilik roʻy berdi. Hududda yaqin kunlarda boshlanadigan paxta yigʻim-terimini yanada samarali tashkil etish, hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yigʻishtirib olish maqsadida qiymati 19,5 milliard soʻm boʻlgan 3 ta zamonaviy “John Deere-9970” rusumli paxta terish kombayni xarid qilindi.
Mazkur yuqori unumdor kombaynlar 76 sxemada ishlash imkoniyatiga ega boʻlib, bir sutka davomida 40 gektar maydondagi paxtani yigʻishtirib olish quvvatiga ega. Shuningdek, kombayn terilgan paxta xom ashyosini dalaning oʻzidayoq toylab, uni tashish va transportirovka qilishda qator qulayliklar yaratadi.
Yangi avlod paxta terish kombaynlarining ishga tushirilishi nafaqat paxta yigʻim-terimi samaradorligini oshiradi, balki hosilni oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olish, mehnat unumdorligini yuksaltirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish imkonini beradi.
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnika va innovatsion yondashuvlardan samarali foydalanish moʻl hosil yetishtirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. “Zarhal teks” MCHJda amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar esa paxta yetishtirishdan tortib, uni qabul qilish va qayta ishlashgacha boʻlgan jarayonlarni zamonaviy asosda tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






