Peshku: kundalik chiqindi bartaraf qilinib, hudud toza-orastaligiga ularning ham hissasi qo‘shilmoqda
2026-09-04 22:15:00 / Yangiliklar
Yurtimizda eng ulug‘ va eng aziz bayram shukuhi kezayotgan shu kunlarda Peshku tumanida ham shunday bir kasb-kor egalari borki, mahalla va ko‘chalar toza-ozodiligini ular mehnatisiz tasavvur etish mumkin emas. Sog‘liqni saqlash, huquqni muhofaza qilish organlari, favqulodda vaziyatlar kabi sohalar qatorida tozalik posbonlari xizmati ham alohida ahamiyatga ega.

Bayram arafasida, joriy yil 28-iyuldan 6-sentyabrgacha butun respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tozalik tadbirlari doirasida tumandagi mahalla va ko‘chalarda ham qizg‘in ish olib borilmoqda. Chiqindilarni boshqarish agentligi va uning joylardagi bo‘limlari tomonidan sanitar tozalash va obodonlashtirish xizmatining tunu kun navbatchiligi tashkil etilmoqda.
Har kuni tuman obodonlashtirish xizmati ishchi-xizmatchilari tomonidan hududdan chiqindilarni olib chiqish, tashib chiqarish jarayoniga o‘ndan ortiq maxsus texnika va 50 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi safarbar qilinayotgani barobarida 30 tonna atrofidagi chiqindi bartaraf qilinib, mahalla va qishloqlar tozaligi saqlanmoqda.
Umuman, respublika miqyosida olsak, Agentlik huzuridagi “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” Davlat muassasasi tomonidan ham “Dolzarb 40 kunlik” tozalik tadbirlari davomida ayni kunda respublika bo‘yicha jami 1653 gektardagi 135 ta qattiq maishiy chiqindi poligonida kuniga o‘rtacha 4500-4700 tagacha qatnov bilan 14-15 ming tonna chiqindi qabul qilinib, joylashtirilmoqda.
Hozirgi kunga qadar respublikadagi 8 150 ta mahalladan 7 674 tasi tozalik tadbirlari bilan to‘liq qamrab olingan. Bu jarayonda o‘rtacha 4,5 ming dona maxsus texnika va 10 mingdan ortiq soha ishchi-xizmatchisi jalb etilgan. Natijada kuniga 30-40 ming tonna atrofida, ya’ni 40 kunda 1 million 400 tonna qattiq maishiy hamda 2 ming tonna atrofida qurilish chiqindilari olib chiqilib, utilizatsiya qilingan.
Ayni kunda fuqarolardan chiqindilar bilan bog‘liq kelib tushgan 327 ta murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 275 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlarni tegishli tartibda hal etish jarayoni bormoqda.
Ayni kunda fuqarolardan chiqindilar bilan bog‘liq kelib tushgan 327 ta murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 275 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlarni tegishli tartibda hal etish jarayoni bormoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





