Qishloq xoʻjaligida klaster tizimi: dehqon daromadi va qishloq farovonligi
2026-09-04 22:05:00 / Yangiliklar

Bu jarayonda klaster tizimining joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, klaster — faqat mahsulot yetishtirish bilan cheklanadigan tizim emas. U xomashyoni yetishtirishdan boshlab, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan yaxlit iqtisodiy zanjirni qamrab oladi.
Eng muhimi, bunday yondashuv dehqon va fermer uchun kafolatlangan bozorni shakllantirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va barqaror daromad olish imkoniyatini kengaytiradi.
Buxoro viloyatida bugungi kunda 11 ta klaster faoliyat yuritmoqda. Ular orasida “Buxoro Agroklaster” MCHJ faoliyati sohadagi oʻzgarishlarning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Mazkur klaster xomashyo yetishtirishdan uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan yaxlit zanjirni shakllantirdi. Natijada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qoʻshilgan qiymatini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash imkoniyati kengaydi.
Klaster tizimining eng muhim afzalliklaridan biri ham shunda — mahsulotni xomashyo holatida sotish oʻrniga uni mahalliy sharoitda qayta ishlab, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantirish.
Jumladan, paxtani chuqur qayta ishlash orqali uning iqtisodiy qiymatini 3–4 barobar oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
2021–2024-yillarda “Buxoro Agroklaster” tomonidan umumiy qiymati 129,09 mln. AQSH dollari, yaʼni 1 678,15 mlrd. soʻm boʻlgan 20 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Investitsiyalarning 73,6 foizi klasterning oʻz mablagʻlari hisobidan yoʻnaltirilgan.
Vobkentda yiliga 10 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushirilib, 700 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Shofirkonda yiliga 16,4 mln. dona tayyor kiyim ishlab chiqarishga moʻljallangan “Buxoro AZTEKS” majmuasi ishga tushirilib, 1 200 ta ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, Xorazmda “Astra global” trikotaj-boʻyash majmuasi, Buxoroda sutni qayta ishlash korxonasi, Peshku va Gʻijduvonda yogʻ-moy korxonalari, Kogonda don mahsulotlari majmuasi kabi loyihalar amalga oshirildi.
Bularning har biri hududda ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga, qishloq aholisi uchun yangi daromad manbalari va ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Zamonaviy texnologiya — kam xarajat va yuqori samaradorlik
Klasterlash jarayoni sanoat bilan bir qatorda bevosita dehqonchilik madaniyatiga ham yangi yondashuvlarni olib kirmoqda.
Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish orqali suv va mineral oʻgʻitlardan tejamkor foydalanish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hamda hosildorlikni oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Jumladan, 225 553 gektar maydonda tuproq tahlil laboratoriyalari va “SMART MAP” raqamli tizimi joriy etildi.
Tomchilatib sugʻorish va raqamli xaritalash texnologiyalari hisobiga suv sarfi 30–35 foizga, mineral oʻgʻitlar sarfi esa 20 foizga qisqartirildi.
Shuningdek, 2 ming gektar yangi va tashlandiq yer oʻzlashtirilib, 563 ta zamonaviy texnika va agregat xarid qilindi.
Xitoyning “Chjuntay” va “Buxara Chjunchjen” kompaniyalari bilan hamkorlikda 2 ming gektarda ilgʻor texnologiyalar asosida paxta yetishtirish hamda 7 500 tonnalik urugʻlik chigitni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi.
Bu jarayonlarning iqtisodiy samarasi esa, avvalo, dehqon va fermerning daromadida namoyon boʻladi. Resurslar tejaladi, hosildorlik oshadi, mahsulot sifati yaxshilanadi va pirovardida sof daromad koʻpayadi.
Klasterlarning yana bir muhim ijtimoiy ahamiyati — qishloq hududlarida doimiy va barqaror ish oʻrinlarini yaratishdir.
2021–2024-yillarda birgina “Buxoro Agroklaster” tomonidan 4 030 ta yangi muqim ish oʻrni yaratildi. Bu, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar va yoshlar uchun muhim imkoniyatdir.
Joriy yilning yetti oyi davomida viloyat boʻyicha 49 ming 576 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan. Shundan 2 ming 421 nafari yirik investitsiya loyihalari doirasida ishga joylashtirilgan boʻlsa, 17 ming 302 nafar xotin-qizning bandligi qishloq xoʻjaligi va fermerlar kengashi tizimi orqali taʼminlangan.
Demak, klasterlar nafaqat ishlab chiqarishni, balki qishloq oilalarining daromadini oshirish va ularning ijtimoiy barqarorligini taʼminlashda ham muhim omilga aylanmoqda.
Qishloq xoʻjaligida klasterlash jarayoni yangi bosqichga kirmoqda. 2026–2027-yillarga moʻljallangan umumiy qiymati 397,5 mln. AQSH dollari, yaʼni 5 167,5 mlrd. soʻm boʻlgan strategik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur loyihalar doirasida 7 100 ta yangi ish oʻrni yaratilishi va yillik 111,5 mlrd. soʻm byudjet tushumi taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
Xususan, Vobkentda 272,3 mln. dollarlik toʻqimachilik klasteri tashkil etilib, 7 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyihaning eksport salohiyati 78,7 mln. dollarga baholanmoqda. Yillik byudjet tushumi esa 106,7 mlrd. soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.
Qorovulbozor tumanida 7 mln. dollarlik chorvachilik — sut va goʻsht yoʻnalishidagi loyiha amalga oshirilib, 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyiha natijasida yillik 4,8 mlrd. soʻm byudjet tushumi taʼminlanishi rejalashtirilgan.
Bugun klaster tizimiga faqat qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning yangi usuli sifatida qarash yetarli emas.
Klaster — bu qishloq xoʻjaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, qoʻshilgan qiymat yaratish, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, eksportni koʻpaytirish va, eng muhimi, dehqon hamda fermerlarning daromadini oshirishga xizmat qiladigan yaxlit iqtisodiy mexanizmdir.
Zero, agrar sohadagi islohotlarning haqiqiy natijasi qancha mahsulot yetishtirilgani bilan emas, balki shu mahsulotdan dehqon qancha daromad olgani, qishloqda qancha yangi ish oʻrni yaratilgani va aholi turmushi qay darajada yaxshilangani bilan belgilanadi.
Shu maʼnoda, klaster tizimining eng katta yutugʻi — yerni, mehnatni va texnologiyani birlashtirib, qishloq aholisi uchun barqaror daromad va munosib hayot sharoitini yaratishidir.
Hafiza Artikova,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati,
agrar soha boʻyicha komissiya raisi
