Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarining mohiyati va ahamiyati hamda ularni amalga oshirish yuzasidan qabul qilinayotgan chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha hisobot
2026-09-03 20:30:00 / Yangiliklar

Xususan, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyishlari, topshiriqlari hamda majlis bayonlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida ijroga qaratilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olingan.
Har hafta dushanba kunlari Buxoro viloyati hokimi rahbarligida, chorshanba va juma kunlari esa hokimning birinchi o‘rinbosari huzurida ijro intizomi holati tanqidiy-tahliliy muhokama qilib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosi kunbay va soatbay nazorat qilinmoqda.
“Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi hamda Hisob palatasi tomonidan tegishli ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng nazoratdan yechilishi belgilanganligini inobatga olib, viloyat hokimligi apparatida topshiriqlarning belgilangan muddatlarda va puxta bajarilishini ta’minlash maqsadida oldindan ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur tizimga asosan har hafta ikki marotaba kelgusi oyning yakuniga qadar ijro muddati yetib keladigan topshiriqlar ro‘yxati eslatma tarzida hokim o‘rinbosarlari, maslahatchilari, bo‘linma rahbarlari hamda tuman va shahar hokimliklariga yetkazib borilmoqda.
Shuningdek, hokimlik apparatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi haqidagi ma’lumotlarni ijro muddati yakunlanishini kutmasdan, elektron tizimga oldindan kiritib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligi apparatining mas’ul xodimlari tomonidan har oyda kamida bitta tuman yoki shaharda, shuningdek, viloyat boshqarma, korxona va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi maqsadli o‘rganilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda topshiriqlar ijrosini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Jumladan, 2026-yil:
fevral oyida Jondor tumani hokimligida;
mart oyida Buxoro avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasida;
aprel oyida Qorako‘l tumani hokimligida;
may oyida viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida;
iyun oyida Peshku tumani hokimligida;
avgust oyida Shofirkon tumani hokimligida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi holati o‘rganilib, topshiriqlar ijrosini tashkil etish yuzasidan tegishli amaliy yordam ko‘rsatildi.
2026-yilning yanvar–avgust oylarida viloyat hokimligi apparatida ijro intizomining holati 63 marotaba muhokama qilindi.
Viloyat hokimligi boshqaruv apparatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, har bir topshiriqning ijrosiga “temir intizom” tamoyili asosida jiddiy yondashilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat topshiriqlarini o‘z vaqtida, samarali hamda to‘liq bajarishda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlarining roli hamda shaxsiy javobgarligini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.
Ijro intizomiga sustkashlik bilan yondashgan, topshiriqlar ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlamagan mas’ul rahbarlarga nisbatan amaldagi tartibda intizomiy ta’sir choralari ko‘rib borilmoqda.
“Ijro.gov.uz” tizimidagi topshiriqlar ijrosi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali 2026-yil yanvar–avgust oylarida viloyatga daxldor jami 3 232 ta topshiriq kelib tushgan.
Shundan:
1 938 ta topshiriqda viloyat hokimligi asosiy ijrochi;
1 294 ta topshiriqda viloyat hokimligi hamijrochi
etib belgilangan.
Mazkur topshiriqlarning 3 217 tasi (99,5 foiz) bo‘yicha ijro ta’minlanib, nazoratdan yechilgan. Qolgan 15 ta topshiriq bo‘yicha viloyat hokimligi hamijrochi sifatida belgilangan bo‘lib, ayni paytda ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining Prezident Administratsiyasi modulida viloyat hokimligiga daxldor 378 ta, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari modulida esa 974 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasi bo‘yicha ijro ta’minlangan.
Sentabr oyidagi topshiriqlar ijrosi 2026-yil sentabr oyida belgilangan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida kunbay kalendar grafik ishlab chiqilgan.
Shuningdek, har bir hokim o‘rinbosari kesimida tegishli “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, tasdiqlangan va ijroga qaratilgan.
Sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jami 273 ta topshirig‘i nazoratga olingan bo‘lib, shundan 97 tasining ijrosi muddatidan oldin ta’minlangan.
Qolgan topshiriqlarning ham belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida mas’ul ijrochilar tomonidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Umuman olganda, Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Prezident Administratsiyasining hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini belgilangan muddatlarda, to‘liq va sifatli ta’minlash, ijro intizomini yanada mustahkamlash hamda rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Umid Qo‘shshayev,
Buxoro viloyati hokimligi boshqaruv apparati
ijro intizomi nazorati bo‘limi boshlig‘i
