Buxoroda zamonaviy futbol akademiyasi foydalanishga topshirildi
2026-09-02 20:50:00 / Yangiliklar

Yangi majmuaning ishga tushirilishi Buxoro futboli tarixida muhim voqea boʻlib, vohada futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash va tarbiyalash, ular uchun zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Qayd etish joizki, Buxoro vohasi yurtimiz futboli tarixida alohida va munosib oʻringa ega. Qurbon Badaliy, “Paxtakor-79” safida nomi manguga muhrlangan Ravil Agishev va Vladimir Sobirov, shuningdek, milliy terma jamoa sharafini himoya qilgan Shavkat Salomov, Ildar Magdeev, Jasur Hasanov, Ulugʻbek Baqoyev, Nurillo Habibov, Usmon Toshev kabi mahoratli futbolchilar aynan shu zaminda futbol saboqlarini olgan.
Bugungi kunda ana shu boy anʼanalarni davom ettirish, Buxoro futbolida yangi avlod isteʼdodlarini kashf etish va ularni jahon futboli talablari asosida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, ilgari Shofirkon tumanida joylashgan Buxoro Futbol akademiyasi Buxoro shahriga koʻchirildi. Akademiyaning yangi manzilda faoliyat yuritishi uchun zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan yaxlit sport majmuasi barpo etildi.
Umumiy qiymati qariyb 50 milliard soʻmni tashkil etgan majmuada sportchilarning mashgʻulot oʻtkazishi, yashashi va taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Xususan, bu yerda 10 ming tomoshabinga moʻljallangan zamonaviy futbol stadioni, xalqaro standartlarga mos tabiiy va sunʼiy futbol maydonlari, yopiq futzal zali, tarbiyalanuvchilar uchun 200 oʻrinli yotoqxona, zamonaviy oshxona va boshqa zarur infratuzilma obyektlari barpo etildi.
Yangi majmuaning yana bir muhim jihati shundaki, 10 ming oʻrinli stadion viloyatning bosh stadioni qurilib, foydalanishga topshirilguniga qadar “Buxoro” professional futbol klubining asosiy uy maydoni vazifasini bajaradi.
Bu esa futbolchilar va muxlislarga Buxoroning oʻzida yuqori darajadagi uchrashuvlarni oʻtkazish va jamoaning muhim bahslarda oʻz maydonida toʻp surish imkonini beradi.
Ayni paytda Buxoro Futbol akademiyasida 154 nafar iqtidorli yosh tahsil olmoqda. Ular uchun sport mashgʻulotlari bilan bir qatorda yashash va taʼlim olish imkoniyatlarining yagona majmuada mujassamlashtirilgani yosh futbolchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Yangi akademiyada tarbiyalanayotgan yoshlarning kelgusida professional futbolda oʻz oʻrnini topishi, avvalo, “Buxoro” futbol klubi, shuningdek, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safini munosib futbolchilar bilan toʻldirishi uchun mustahkam poydevor yaratildi.
Yangi sport majmuasi nafaqat professional futbolchilarni tayyorlash, balki Buxoroda futbol ommaviyligini yanada oshirish, yoshlarni sportga keng jalb etish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maʼnoda, zamonaviy Futbol akademiyasi va sport majmuasining ochilishi Buxoro futboli uchun yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Endilikda bu yerda yangi isteʼdodlar kashf etiladi, yosh futbolchilar katta sport sari ilk qadamlarini qoʻyadi va Buxoro futboli tarixiga yangi nomlar kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Akademiyaning yangi majmuasi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, Futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari va murabbiylar, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov yigʻilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi zamonaviy sport majmuasining ochilishi bilan samimiy muborakbod etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur akademiya Buxoro futbolida shakllangan boy anʼanalarni munosib davom ettirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning professional futbolda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi majmuada yaratilgan zamonaviy infratuzilma yosh futbolchilarning muntazam mashgʻulot olib borishi, sport mahoratini oshirishi va yuqori natijalarga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari majmuada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, futbol maydonlari, futzal zali, tarbiyalanuvchilar uchun moʻljallangan yotoqxona va oshxona hamda boshqa infratuzilma obyektlari koʻzdan kechirildi.
Yangi sport majmuasi Buxoro futbolida yangi isteʼdodlarni kashf etish, yosh avlodni sportga keng jalb qilish va voha futbolida yangi zafarli sahifalarni yaratishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








