Istiqlol tuhfasi: Shofirkonda 5 ta taʼlim maskani yangilanib, foydalanishga topshirildi
2026-08-31 11:20:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan tumanda 25-, 53-, 28-, 16- va 40-sonli umumtaʼlim maktablarining yangi va rekonstruksiya qilingan binolari, shuningdek, 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining qoʻshimcha binosi foydalanishga topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida “Bobur” mahallasidagi 25-sonli umumtaʼlim maktabi tubdan rekonstruksiya qilindi. Buning uchun 4,3 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, taʼlim muassasasi barcha qulayliklarga ega zamonaviy dargohga aylantirildi.
Ayni paytda maktabda 30 nafar malakali pedagog 490 nafar oʻquvchiga taʼlim-tarbiya bermoqda. Pedagoglarning 8 nafari oliy, 10 nafari birinchi va 8 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega.
53-sonli umumtaʼlim maktabida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Dastur doirasida eski bino kapital taʼmirdan chiqarilib, 120 oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv korpusi barpo etildi. Loyihaning umumiy qiymati 3,696 milliard soʻmni tashkil etdi.
1994-yilda tashkil etilgan mazkur taʼlim muassasasida bugungi kunda 8 nafar oliy va 7 nafar birinchi toifali pedagog faoliyat yuritib, oʻquvchilarga zamonaviy bilim va tarbiya bermoqda.
Shuningdek, 28-sonli umumtaʼlim maktabi ham zamonaviy qiyofa kasb etdi. Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy koʻmagida “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida taʼlim maskanini yangilash ishlariga 4,664 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Hozirda maktabda 48 nafar pedagog 600 nafar oʻquvchiga taʼlim-tarbiya bermoqda.
“Bogʻiafzal” mahallasidagi 16-sonli umumtaʼlim maktabi uchun esa Investitsiya dasturi doirasida 4,560 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, 300 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etildi. Yangi maskan oʻquvchilar uchun zamonaviy va qulay taʼlim muhitini yaratish imkonini berdi.
40-sonli umumtaʼlim maktabida ham keng koʻlamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Davlat dasturi doirasida 6,2 milliard soʻm mablagʻ evaziga maktab zamonaviy talablar asosida yangilandi va 240 oʻrinli qoʻshimcha bino barpo etildi. Natijada taʼlim muassasasining umumiy oʻquvchi sigʻimi 480 nafarga yetkazildi.
Shuningdek, “Mirzoqul” mahallasidagi 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi qoʻshimcha binosi ham foydalanishga topshirildi. 1989-yilda qurilgan asosiy bino yoniga 90 oʻrinli yangi bino qoʻshilib, muassasaning umumiy sigʻimi 166 nafar bolaga yetkazildi.
Mazkur bunyodkorlik ishlari Islom taraqqiyot banki guruhi ishtirokidagi “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida amalga oshirilib, yangi binolarni barpo etish va muassasani rivojlantirish uchun 3,168 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Tantanalarning eng quvonchli lahzalari, shubhasiz, maktab ostonasini ilk bor hatlab oʻtayotgan 1-sinf oʻquvchilari bilan bogʻliq boʻldi. Tuman hokimi jajji oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashib, ularga yangi oʻquv yilida omad va muvaffaqiyatlar tiladi. Bolajonlarga davlatimiz rahbari nomidan tayyorlangan maxsus sovgʻalar — oʻquv qurollari tantanali ravishda topshirildi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotida esa kichkintoylarga kitoblar sovgʻa qilinib, ularning ilm olish va kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bolajonlar uchun turli koʻngilochar chiqishlar namoyish etildi.
Tadbirlar davomida taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish va yangi binolarni barpo etishda faol ishtirok etgan masʼul idoralar, quruvchi hamda pudratchi tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirildi.
Prezidentimiz qarorlari va davlat dasturlari asosida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar Shofirkon tumanini “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman” sifatida kompleks rivojlantirish, aholiga munosib sharoit yaratish hamda yosh avlodga sifatli taʼlim berish yoʻlida muhim qadam boʻlmoqda.
Eng muhimi, yangilangan va zamonaviy taʼlim maskanlari yosh avlodning puxta bilim olishi, ilgʻor koʻnikmalarni egallashi, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan yetuk va barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









