Istiqlol tuhfasi: Vobkentda tibbiyot va 3 ta taʼlim maskani yangilandi
2026-08-29 15:00:00 / Yangiliklar

“Charmgaron” mahallasida zamonaviy tibbiyot muassasasi, “Hajuvon” va “Kulolchi” mahallalarida esa 3 ta taʼlim maskani yangilanib, foydalanishga topshirildi.
Jumladan, “Charmgaron” mahallasi Tadbirkor koʻchasida joylashgan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi binosi maʼnan eskirib, zamonaviy talablarga javob bermay qolgan edi.
Endilikda ushbu bino 5,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga “Joʻynav Savdo Baraka” MCHJ tomonidan zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Bu esa nafaqat aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirdi, balki muassasa xodimlari uchun ham qulay va zamonaviy mehnat sharoitlarini yaratdi.
Yangi muassasa bir smenada 60 qatnovga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlib, tuman hududida istiqomat qiluvchi qariyb 153 ming nafar fuqaroga tibbiy xizmat koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tantanali ochilish marosimida taʼkidlanganidek, Mustaqillik xalqimiz hayotida yangi davrni boshlab bergan, yurtimizning buguni va buyuk kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratgan ulugʻ tarixiy neʼmatdir. Istiqlol yillarida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va soha infratuzilmasini zamonaviylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
— Ishonamanki, ushbu zamonaviy maskan uzoq yillar davomida mahalla fuqarolariga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib, ularning salomatligini asrash va mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, — dedi tuman hokimi.
“Hajuvon” mahallasida joylashgan 37-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi oʻquv binosi ham foydalanishga topshirilib, oʻquvchilar uchun yanada qulay taʼlim olish imkoniyatlari yaratildi.
Osiyo taraqqiyot banki dasturi asosida maktabning mavjud 330 oʻrinli binosi taʼmirlandi. Shuningdek, umumiy loyiha qiymati 4 milliard 90 million soʻm boʻlgan mablagʻ hisobidan 180 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etildi.
Ayni paytda maktabda 52 nafar pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Taʼlim muassasasi bitiruvchilarining erishayotgan natijalari ham eʼtiborga loyiq. 2025–2026-oʻquv yilida maktabni 12 nafar oʻquvchi tamomlagan boʻlib, ularning 5 nafari davlat, 1 nafari esa xususiy oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan.
Bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi 50 foizni, oʻrtacha ball esa 109,1 ballni tashkil etdi. Bu natija avvalgi oʻquv yiliga nisbatan 27 foizga yuqori.
Yangi oʻquv binosida yaratilgan zamonaviy sharoitlar oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi, bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishi, qobiliyat va isteʼdodlarini namoyon etishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Mazkur mahalladagi 6-umumiy oʻrta taʼlim maktabi ham zamonaviy qiyofada qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki dasturi asosida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari doirasida umumiy qiymati 3 milliard 500 million soʻm boʻlgan loyiha asosida 150 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etildi. Shuningdek, maktabda oʻquvchilar uchun muhim boʻlgan kutubxona va bufet ham zamonaviy talablar asosida qayta qurildi.
Yangi bino va qoʻshimcha shart-sharoitlar oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishi, kitob mutolaasi bilan shugʻullanishi hamda boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun yanada keng imkoniyat yaratadi.
“Kulolchi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi.
Loyiha doirasida umumiy qiymati 9 milliard 901 million soʻm boʻlgan mablagʻ evaziga 660 oʻrinli, 4 qavatli zamonaviy maktab binosi yangidan barpo etildi. Yangi taʼlim maskani oʻquvchilarning zamonaviy bilim olishi, fanlarni chuqur oʻzlashtirishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun zarur sharoitlar bilan taʼminlangan.
Yangi maktab binosi oʻquvchilar uchun sifatli taʼlim olish, oʻz qobiliyatlarini rivojlantirish va kelajakda munosib kasb egallashlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Umuman, Mustaqillik bayrami arafasida Vobkent tumanida sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholi hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, zamonaviy tibbiyot muassasalari aholi salomatligini muhofaza qilishga, yangi va taʼmirlangan maktablar esa yosh avlodga sifatli taʼlim berish uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Inson qadri, uning salomatligi va taʼlim-tarbiyasiga qaratilgan har bir ezgu tashabbus — yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga qoʻshilgan munosib hissadir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









