35 yillik tantanalar arafasida: Kogon tumanida maktablar yangilanmoqda
2026-08-29 12:10:00 / Yangiliklar

Jumladan, “Choloki” mahallasidagi 20-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻquvchilar shu vaqtga qadar ikki smenada tahsil olib kelayotgan edi. Bu noqulaylikni bartaraf etish maqsadida “Islom taraqqiyot banki va OPEK jamgʻarmasi” loyihasi doirasida 2 milliard 50 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, “Ziyo Shahriyor qurilish” MCHJ tomonidan ikki qavatli, 100 oʻrinli qoʻshimcha bino barpo etildi.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi maktab quvvatini oshirish, oʻquvchilar uchun qulay taʼlim muhitini yaratish va oʻquv jarayonini yanada samarali tashkil etish imkonini bermoqda.
“Sarayon” mahallasidagi 12-son umumtaʼlim maktabi ham yangi oʻquv yili arafasida kapital taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Maktabni taʼmirlash ishlariga 3 milliard 815 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, “Ziyo Shaxriyor qurilish” MCHJ quruvchilari tomonidan zamonaviy taʼlim talablariga mos ishlar amalga oshirildi.
Yangilangan taʼlim maskanida oʻquvchilarning sifatli bilim olishi, pedagoglarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Maktab yangi 2026–2027-oʻquv yiliga toʻliq tayyor holga keltirildi.
Ayniqsa, birinchi sinfga qadam qoʻyadigan oʻquvchilar uchun Prezident sovgʻalari, barcha sinflar uchun darsliklar toʻliq yetkazib berilgani yangi oʻquv yiliga tayyorgarlikning muhim jihatlaridan biri boʻldi.
Tumanda taʼlim muassasalarini yangilashga qaratilgan bunday loyihalar oʻquvchilar uchun zamonaviy va xavfsiz muhit yaratish, pedagoglar mehnati uchun munosib sharoitlarni taʼminlash hamda taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan yangi va yangilangan taʼlim maskanlari Kogon tumanidagi oʻquvchilar, ustozlar va ota-onalar uchun munosib bayram tuhfasi boʻldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








