Shofirkon: Bir asr avval ikki sinf bilan boshlangan taʼlim maskani bugun zamonaviy bino, yangi imkoniyatlar va yuksak maqsadlar bilan oʻz tarixining yangi sahifasini ochmoqda
2026-08-29 11:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla nuroniylari, faxriy ustozlar, maktab jamoasi, oʻquvchilar va ota-onalar ishtirok etdi.
Marosimda maktabning bir asrlik tarixi, bugungi yutuqlari va kelgusidagi rejalari haqida soʻz yuritildi.
Maktabning tarixi 1921-yilga borib taqaladi. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, oʻsha davrda maktab atigi ikki sinfdan iborat boʻlib, Obloberdi boyning mehmonxonasida tashkil etilgan. Bu yerda 8 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlim olgan.
Maktabning dastlabki oʻqituvchilari Obid Homidov va Turdi Qutliyevlar imkoniyatlar cheklangan murakkab davrda ham yosh avlodga saboq berishdek sharafli vazifani sidqidildan ado etganlar.
Dargoh tarixida turli sinovli kunlar ham boʻlgan. Hatto sinf xonasiga oʻt qoʻyilishi oqibatida maktab faoliyati vaqtincha toʻxtagan. Ammo xalqning ilm va maʼrifatga boʻlgan intilishini toʻxtatib boʻlmadi. 1924-yilda taʼlim jarayoni qayta tiklandi.
Shundan soʻng “Tezguzar” maktabi tumandagi ilk taʼlim maskanlaridan biri sifatida oʻz faoliyatini davom ettirib, yillar davomida “Tezguzar” va atrof hududlardagi farzandlarga bilim va tarbiya berib keldi.
Maktab mustaqillik yillarida Saʼdulla Nazarov nomi bilan ataldi. Bugun esa u Shofirkon tumanidagi 6-son umumtaʼlim maktabi sifatida oʻzining sharafli yoʻlini davom ettirmoqda. Bir necha avlodga taʼlim va tarbiya bergan, umrini shu dargoh ravnaqiga bagʻishlagan faxriy ustozlar bugungi tadbirning eng hurmatli mehmonlari boʻldi.
Yillar davomida maktabda faoliyat yuritib, minglab oʻquvchilarga saboq bergan, bugun esa mehnat faoliyatini yakunlab, pensiya gashtini surayotgan ustozlarning tadbirda ishtirok etishi alohida ramziy maʼno kasb etdi.
Zero, bugungi zamonaviy maktabning poydevori aynan ana shu fidoyi ustozlarning mashaqqatli mehnati, bilimi va tajribasi bilan yaratilgan.
Tadbir davomida faxriy ustozlarga chuqur hurmat va minnatdorlik bildirilib, ularning maktab tarixidagi munosib oʻrni alohida taʼkidlandi.
Kecha bu dargohda saboq bergan ustozlar bugun oʻz shogirdlari va maktabning yangi avlodi bilan birga zamonaviy taʼlim maskanining foydalanishga topshirilishiga guvoh boʻldilar.
Bir asr davomida “Tezguzar” maktabidan koʻplab yetuk insonlar, olimlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, oltin medal sohiblari, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi.
Ular orasida taniqli olim, akademik Ibrohim Moʻminovning nomi alohida oʻrin tutadi. Uning ilmiy merosi nafaqat “Tezguzar” maktabi, balki butun Buxoro zamini uchun faxrli merosdir.
Shuningdek, maktabni oltin medal bilan tamomlab, keyinchalik davlat boshqaruvi tizimida samarali mehnat qilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Mavjuda Rajabova ham maktabning munosib shogirdlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Bu kabi misollar qishloq maktabida taʼlim olgan yoshlar ham yuksak marralarni zabt etishi mumkinligini yaqqol namoyon etadi.
Bugungi kunda maktabda 69 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 14 nafari oliy, 19 nafari birinchi va 20 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega.
Oʻquvchilarning fan olimpiadalari, ijodiy festivallar, turli tanlovlar va xalqaro dasturlarda munosib natijalarga erishayotgani maktab jamoasining izlanishlari samarasidir.
Jumladan, 10-sinf oʻquvchilari tomonidan 18 ta milliy va xalqaro sertifikat qoʻlga kiritilgan.
2026 yil yakuniga koʻra, bitiruvchilarning 50 foizi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingani, ularning oʻqishga kirishdagi oʻrtacha natijasi 120 ballni tashkil etgani ham maktab jamoasining samarali mehnatidan dalolat beradi.
Tadbirning eng quvonchli voqeasi, shubhasiz, maktabning yangi binosi foydalanishga topshirilganidir.
Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan “Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish” dasturi doirasida taʼlim maskanida keng koʻlamli taʼmirlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Loyiha doirasida 8,2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 180 oʻrinli yangi oʻquv binosi barpo etildi. Natijada maktabning umumiy oʻquvchi sigʻimi 680 nafarga yetkazildi.
Yangi sinf xonalari zamonaviy jihozlar, yangi parta va stullar, elektron doskalar hamda zarur texnik vositalar bilan taʼminlandi.
Eng muhimi, yaratilgan yangi sharoitlar maktabda bir smenali taʼlimni tashkil etish imkonini bermoqda.
Bu oʻzgarishlar bir asrlik tarixga ega taʼlim maskani uchun shunchaki yangi bino emas, balki yangi taraqqiyot bosqichining boshlanganidan dalolatdir.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar maktabning bir asrlik tarixiga alohida toʻxtalib, uning kechagi va bugungi qiyofasini qiyosladilar. Ayniqsa, yillar davomida shu maktabda mehnat qilgan faxriy ustozlarning bugungi shodlikka sherik boʻlayotgani tadbirga alohida fayz bagʻishladi.
100-yil avval ikki sinf bilan boshlangan taʼlim maskani bugun zamonaviy bino, yangi imkoniyatlar va yuksak maqsadlar bilan oʻz tarixining yangi sahifasini ochmoqda.
“Tezguzar” maktabining 100-yillik yubileyi nafaqat oʻtgan davrni sarhisob qilish, balki kelajakka katta ishonch bilan qadam qoʻyish ayyomi boʻldi.
Yangi sharoitlardan samarali foydalangan holda, kelgusida bu dargohdan yana koʻplab olimlar, yetuk mutaxassislar, davlat va jamoat arboblari, Vatanga sadoqatli va bilimli yoshlar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.
“Tezguzar” maktabining bir asrlik sharafli tarixi davom etadi. Endi bu tarix yangi bino, yangi imkoniyatlar va yangi yutuqlar bilan boyib boradi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









